“Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi, biznes-advokat Bektosh Hatamov qanday biznes bilan shug‘ullanish mumkinligi bo‘yicha o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.
Juda ko‘pchilik yoshlar mendan kuyib qolmaslik uchun “qaysi biznesni boshlashim, nima qilishim kerak, qayerdan boshlay”, deb maslahat so‘raydi. Rostini aytsam, men bunga aniq javobni bilmayman, har qanday biznes bozorda talab bo‘lsa, yurib ketaveradi.
Lekin o‘sha bozordagi talabni bilish va unga moslashish juda muhim hisoblanadi. Men hozir sizga buni bilishning oson yo‘lini o‘rgataman, bu usulda deyarli katta pul sarflamasdan bozorni o‘rganish va unga moslashish mumkin.
Usulning nomi — MVP (Minimum Viable Product — minimal yashovchan mahsulot). Ya’ni mahsulot yoki xizmatga hali pul sarflamasdan turib, uni test qilib ko‘rish, bozorni o‘rganish usulidir.
Bunda siz mahsulot yoki xizmatni bozorga olib chiqishdan oldin quyidagi to‘rtta bosqichni aniqlab olishingiz kerak.
- Mijozning og‘rig‘ini topish. Bozorga olib kirmoqchi bo‘lgan mahsulot yoki xizmatingiz mijozning qaysi muammosini hal qiladi, bu og‘riq bilan kasallangan mijozlar soni qancha?
- Raqobat maydonini aniqlash. Aynan shu topilgan og‘riqqa kimlar va qanday usullar bilan yechim bermoqda.
- Fokus guruh tuzish kerak. Bu fokus guruh imkoni boricha ko‘proq odam bilan tashkil etilishi kerak, ularning vazifasi hali bozorga chiqmagan mahsulot yoki xizmatni real o‘z tanalarida his qilishlari, undagi kamchilik va kuchli tomonlarni o‘zlari topishlari va bularni yozib borishlari kerak.
- Agar yuqoridagi uchta bosqichdan o‘tsa, demak mahsulot yoki xizmatni sinov tarzida bozorga olib chiqish mumkin. Mana shu joydan keyin MVP tugaydi va MVE (Minimum Viable Experience — minimal yashovchan tajriba — “Spot” izohi) boshlanadi.
Odatda o‘zbek biznesmenlari oldin zavodni qurishadi, keyin uning bozor va strategiyalari haqida o‘ylashadi. Test qilib ko‘rishning imkoni bo‘lmagan bizneslarni hech qachon MVP qilmasdan boshlamaslik kerak.
“Yaran Consulting” buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi Yevgeniya Son “Spot"ga tadbirkorlar, ayniqsa, yangi boshlovchilar tannarxni hisoblashda eng ko‘p uchraydigan beshta xato bilan bo‘lishgandi.
Bundan tashqari, auditor ichki foydalanish uchun biznes-rejani mustaqil ravishda qanday tuzish, shuningdek, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish shaklini tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida ham so‘zlab bergandi. Masalan, Yevgeniya Son shaxsiy biznesni boshlashga tayyor ekanlikning sakkizta belgisini ajratib ko‘rsatadi.