O‘tgan oyda Mirobod tumani hokimligi Toshkent shahrining Taras Shevchenko ko‘chasida ikkinchi “gastronomik” ko‘cha tashkil etilganini ma’lum qilgandi. 13-iyul kuni tuman hokimi Anvar Sayfutdinov tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni “gastronomik” ko‘chani tashkil etish loyihasi bilan tanishtirdi.
Dastlab qurilish ishlari 15-iyulda boshlanishi rejalashtirilgandi. Biroq, texnik sabablarga ko‘ra, jarayon bir haftaga kechiktirilib, 22-iyul kuni Taras Shevchenko ko‘chasining 250 metr uzunlikdagi qismida ishlar boshlandi. Said Baraka ko‘chasi va Fidokor ko‘chalari kesishmasi barcha transport harakati uchun yopildi.
“Spot” muxbiri Mirobod tumani hokimligi bilan “gastronomik” ko‘cha konsepsiyasi, uning ochilish muddati keyinga qoldirilishi sabablari, unga tutash hududlarni ijaraga berish tartibi va tadbirkorlar zararini qoplash masalalari haqida suhbatlashdi.
Gastronomik ko‘cha konsepsiyasi
Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari Farhod Najmiddinovning qayd etishicha, Taras Shevchenko ko‘chasidagi yo‘l bir qatorga qisqartirilib, bo‘sh qolgan qismi piyodalar yo‘laklariga berilishi rejalashtirilgan. Yo‘lning qatnov qismida tezlikni cheklash uchun sun’iy to‘siqlar o‘rnatiladi, avtomobillar uchun esa ikkita bepul avtoturargoh tashkil etiladi.
Restoranlar va yozgi terrasalar piyodalar yo‘lidan ajratiladi. Piyodalar bilan to‘qnashuvning oldini olish uchun velosiped yo‘li avtomobil yo‘li bo‘ylab tashkil etiladi. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun panduslar o‘rnatiladi.
“Gastronomik” ko‘cha bo‘ylab yoritish ustunlari, videokuzatuv kameralari va yuzni aniqlash tizimlari, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatiladi, daraxtlar ekiladi, sug‘orish va audio-musiqa tizimlari o‘rnatiladi. Bu yerda kafe va restoranlardan tashqari do‘konlar, dorixonalar, bankomatlar, bolalar o‘yin maydonchalari, shuningdek, fotozonalar, Wi-Fi zonalari, “fud-trak” va ko‘chma sahnalar bo‘ladi.
Chiqindilarni olib chiqish, ko‘cha ta’minoti va to‘xtash joylarini tartibga solish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish kompaniyasini jalb etish rejalashtirilgan. “Gastronomik” ko‘cha butun yil davomida faoliyat yuritadi.
“Bugungi kunda butun ko‘cha bo‘ylab 62ta tadbirkorlik subyekti joylashgan. Biroq, kelgusida ularning soni 80gacha yetishi kutilmoqda. Hududga xizmat ko‘rsatish kompaniyasi tadbirkorlar tomonidan umumiy ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi. Shuningdek, tanlangan xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya xizmatlari uchun to‘lovni o‘zlari egallagan maydon hajmidan kelib chiqib to‘laydilar”, — dedi tuman hokimi Anvar Sayfutdinov.
Uning qayd etishicha, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida aholini bezovta qilmaslik uchun soat 23:00gacha belgilangan maksimal darajada yengil musiqa qo‘yilishiga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, hokimlik yozgi terrasalarni takrorlovchi “fud-trak"larni joylashtirishdan bosh tortdi. “Fud-trak"lar o‘rniga ko‘chaga xilma-xillik berishi uchun fotozonalar ochish rejalashtirilgan.
Hokimlik “gastronomik” ko‘chani joylashtirishning boshqa variantlari qatorida Fidokor (sobiq Chexov), Said Baraka va Shahrisabz ko‘chalarini ham ko‘rib chiqdi. Taras Shevchenko ko‘chasining tanlanishi tashrif buyuruvchilar oqimi, restoranlarning xilma-xilligi va turar-joy binolariga kirish yo‘llarining mavjudligi bilan izohlanadi.
Tutash hududlar ijarasi
Toshkentda yozgi terrasalar uchun yonma-yon hududlarni ijaraga berish vaqtincha to‘xtatildi. Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat kadastr palatasi poytaxtda “K-Savdo” tizimi ishlamayotganining sabablarini tushuntirmadi.
Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov yozgi ayvonlarni loyihalash bo‘yicha alohida hujjat ishlab chiqilayotgani, bu “K-Savdo” tizimiga o‘xshash ish tartibini nazarda tutayotganini aytdi.
“Tadbirkorlar menga har kuni qo‘ng‘iroq qilishadi. Ularning barchasi „gastronomik“ ko‘chadan joy olishga qiziqish bildirishmoqda. Lekin hammaga ajratish imkonsiz, shu bois ularni tanlov asosida taqsimlash bo‘yicha ish olib boramiz”, — dedi tuman rahbari.
Uning aniqlik kiritishicha, hududdagi bo‘sh muassasalar auksionga chiqariladi.
Biznes uchun yo‘qotishlar
Anonim qolishni ma’qul ko‘rgan do‘konlardan birining egasi “gastronomik” ko‘cha loyihasini ma’qulladi, lekin qurilishsh jarayonidagi yo‘qotishlar va noqulayliklar haqida shikoyat qildi.
“Biz va mijozlarimiz uchun katta noqulaylik mavjud. Qurilish davrida biz zarar ko‘ramiz. Kim mening mahsulotimni chang va kir-chirda sotib olishga keladi? Ko‘cha qayta ochilgandan so‘ng, do‘kon uzluksiz ishlamaydi. Kechasi hech kim mening mahsulotimni sotib olishga kelmaydi. Ovqatlanish bilan hech qanday aloqam yo‘q. Do‘konim butunlay boshqacha formatda”, — dedi tadbirkor.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, “gastronomik” ko‘cha ochilganidan so‘ng, turar-joy binolaridagi kvartiralar narxi pasayadi, birinchi qavatdagi tijorat ko‘chmas mulklari, aksincha, qimmatlashadi.
Pudrat ishlarini moliyalashtirish davlat tomonidan, yozgi ayvonlarni o‘rnatish esa tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirilib, ularga “Aloqabank” orqali kreditlar taklif etiladi. Sayfutdinov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida Vazirlar Mahkamasining 395-sonli yopiq qarorini nazarda tutgan.
Qurilish ishlari tufayli korxonalarda mijozlar oqimining kamaydi. Shundan kelib chiqib, soliq inspeksiyasi ijarachilar bilan zarar ko‘rilgan davrda soliq imtiyozlarini berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Bundan tashqari, sentabr oyi o‘rtalarida tuman hokimligi Taras Shevchenko ko‘chasining ikkinchi bosqichi — Said Baraka va Nukus ko‘chalari kesishgan qismidan (230 metr) rekonstruksiya qilish ishlarini boshlamoqchi. Uchinchi bosqich Shahrisabz va Fidokor ko‘chalari kesishmasidagi (400 metr) hududni qamrab oladi.
Ko‘cha ochilishi 15-sentabrga ko‘chirildi
Mirobod tumani hokimligi Taras Shevchenkodagi “gastronomik” ko‘cha ochilishini keyinga qoldirdi. Dastlab qurilish ishlarini 1-sentabrgacha yakunlash rejalashtirilgandi. Biroq Anvar Sayfutdinovga ko‘ra, yo‘lning asfalt qoplamasi tabiiy granit toshga almashtirilishi sabab, ishni yakunlash muddati 15-sentabrga ko‘chirilgan.
Mazkur yechim yo‘lning ustki qismining qizib ketishini kamaytiradi va granit toshining tuzilishi haydovchilarning tezlashishiga imkon bermaydi.
Birinchi bosqichda “gastronomik” ko‘cha sinov rejimida ishlaydi. Kelajakda Taras Shevchenko ko‘chasi transport harakati uchun yopilib, piyodalar yo‘lagiga aylantiriladi. Loyihaning asosiy maqsadi ham mahalliy, ham xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan.
Avvalroq Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.