“TBC Bank Uzbekistan” Shveytsariyaning “BlueOrchard” investitsiya fondidan $25 mln qarz mablag‘larini jalb qildi. Bu haqda “Spot"ga bank matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilgan mablag‘lar O‘zbekistonda “TBC” ekotizimini yanada rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bu bankning kredit portfelining o‘sishiga va mamlakatda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga yordam berishi kerak.
“Biz “BlueOrchard"dan bunday katta miqdordagi qarzni moliyalashtirganimizdan xursandmiz. Bu bizga moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishni kuchaytirish va kredit portfelimizni kengaytirishni davom ettirish, O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish imkonini beradi”, — dedi “TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdiani.
O‘z navbatida, “BlueOrchard” investitsiya fondi bosh direktori Filipp Myuller investitsiya “TBC"ga moliyaviy inklyuzivlikni oshirishga yordam berishini, shuningdek, mintaqaning iqtisodiy barqarorligi va rivojlanishiga hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Iyul oyida “TBC Bank Uzbekistan” $38 mlndan ortiq kapital sarmoya jalb qilgani haqida xabar berilgandi.
Qo‘shimcha kapital hisobidan bank yangi mahsulotlar yaratib, mikro va kichik biznes uchun sarmoya kiritadi. Shuningdek, sun‘iy intellekt yechimlarini joriy etadi.
Avvalroq “Spot” “TBC Bank Uzbekistan"ning birinchi yarim yillikdagi foydasi 80%dan oshgani haqida yozgandi.
Joriy yilning birinchi yarmidagi sof foyda 110 mlrd so‘mni, kredit portfeli esa 5 trln so‘mni tashkil etdi.