Raqobat qo‘mitasi “Universalbank” tomonidan omonatlarni reklama qilish bo‘yicha qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlar davomida bank tomonidan e’lon qilingan “Sarmoya 25” nomli omonat turi reklamasida mazkur omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 25%ni tashkil etishi haqida axborot berilganligi kuzatildi.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy sayti o‘rganilganda, taklif etilayotgan “Sarmoya 25” omonatining shartlariga ko‘ra, omonatning muddati 18 oy bo‘lib, yillik foiz stavkasi 22%ni tashkil etishi, foizlar har oyda to‘lanishi va kapitalizatsiya qilinmasligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, omonat turi yuzasidan boshqa muhim ma’lumotlar — omonat muddati, omonat kiritishning eng kam miqdori kabilar berilmaganligi holatlari aniqlandi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi hamda “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “Universalbank"ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Shu bilan birga, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bankka ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Ipotekabank"ga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi. Qo‘mita bankni nomaqbul reklamaga yo‘l qo‘ygan deb topib, jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qildi.
Undan keyin “AVO Bank"ga nisbatan ham moliyaviy jarima qo‘llanildi. Yaqinda esa reklama qonunchiligini buzgani uchun “Ipak Yo‘li” banki jarimaga tortildi. Bank omonatlarga oid reklamada omonat turi haqidagi muhim ma’lumotlarni to‘liq bermaganligi aniqlandi.