29-avgust kuni Toshkent xalqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan qismi rekonstruksiyadan keyin ochildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xalqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan bir qismi tor bo‘lib, hozirgi talabga — kuniga 45−50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgandi. Natijada, yo‘l kengaytirilib, qayta qurildi.
Yo‘l poytaxt va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarini bog‘laydi. So‘nggi yillarda qatnov sezilarli ortdi. Shularni inobatga olib, bu yerda yangi transport yechimi qo‘llanildi.
Xususan, yo‘lning 4 kilometriga asfalt-beton yotqizildi. Qatnov qismi kengaytirilib, 6−8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4ta yerosti o‘tish joyi, piyoda va veloyo‘laklar qurildi.
O‘ziga xos yechimlar asosida 3ta qayrilib olish hamda 18ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. Bu tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.
Ko‘chaning Buyuk ipak yo‘li bilan kesishmasida yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurildi. Mamlakatda birinchi marotaba qo‘llanilgan bu usulning qurilish muddati boshqa ko‘priklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qiladi. Xizmat ko‘rsatish muddati — yuz yildan ortiq. O‘tkazgichni ta’mirlash ishlari ham arzon tushadi.
Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, “aqlli” svetaforlar o‘rnatildi hamda 13ta bekat qurildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatda 12 600 kilometr avtomobil yo‘llari, 200ga yaqin ko‘prik rekonstruksiya qilingan.
Avvalroq sanoatda ma’lumotlarni tahlil qiluvchi elektron platforma yaratilishi haqida xabar berilgandi. Platforma orqali korxonalarning soliq, statistika va energiya iste’moli bo‘yicha ma’lumotlari tahlil qilib boriladi.