Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiyaning navbatdagi bosqichi yakunlanib, aeroport majmuasi hududi kengaytirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Joriy yilning sentabr oyida boshlanadigan rekonstruksiyaning yakuniy bosqichida uchib kelish va uchib ketish zallari bitta terminal majmuasiga birlashtirilib, uning maydoni 105 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.
Bu aeroport terminalining yo‘lovchilarni o‘tkazish qobiliyatini hozirgi soatiga 1200 yo‘lovchidan 2400tagacha oshiradi.
Ayni paytda uchib ketish terminalida maydoni 2500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan keng zal qurilgan bo‘lib, undan yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tish joyiga liftlar yoki eskalatorlar orqali chiqishlari mumkin.
Zal va asosiy terminal binosi o‘rtasida o‘rindiqli kichik yashil maydon mavjud. Keyinchalik, uchib ketish terminalining ikkinchi qavatida shaharga qaraydigan deyarli 2200 kvadrat metr maydonga ega yana bir ochiq terassa paydo bo‘ladi.
Zalning o‘zida yo‘lovchilar va kuzatuvchilar dastlabki tekshiruvdan o‘tadilar (bagajlar skanerga joylashtiriladi odamlar arkali metal detektordan o‘tadi) va ba’zi xizmatlardan foydalanishlari mumkin — bagajni qadoqlash, SIM-kartalarni sotib olish, bankomat xizmatlari, zaryadlash stantsiyalari va vending avtomatlari.
Shuningdek, zalda kichik hayvonlarni (ayniqsa mushuklarni) tekshirish imkoniyati mavjud — yo‘lovchilar ularni alohida xonaga olib borishlari, u yerda to‘rt oyoqli hamrohlarini stress holatga tushirmasdan konteynerdan olib aeroport xodimiga tekshiruvni amalga oshirish uchun berishlari mumkin.
Aeroport maydoninig kattalashishiga terminal binosini oldinga, to‘xtash joyi tomon kengaytirish orqali erishildi. Shu munosabat bilan aeroportga kirish tizimi ham o‘zgardi: uchib ketish terminali oldida endi panjaralar yo‘q, transport vositalari esa binoning yonigacha kirib boradi.
YHXX tizimlari bilan integratsiyalashgan yo‘l kameralari terminalga kirish yo‘lagiga o‘rnatilgan. Tizim avtomatik ravishda ishlaydi: kirish liniyasida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan oshib ketgan avtomobil egalariga avtomatik ravishda jarima bildirishnomasi yuboriladi.
Terminalga qisqa muddatli kirish barcha yengil avtomobillar uchun 5 daqiqa, shuningdek, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha etib belgilangan.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Bugungi kunda uchib ketish zalida 40ta ro‘yxatga olish peshtaxtasi (umumiy zalda 37ta, CIP zalida 2ta va VIP zalda 1ta) mavjud.
Rekonstruksiya ishlari tugallangach, ro‘yxatga olish peshtaxtalari soni 90tani tashkil etadi, shu jumladan 12ta gibrid “Self Chek-in” va “Baggage Drop Off” nuqtalari ularda yo‘lovchilar reyslarga mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishlari va bagajni topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Uchib ketish hududidagi chegara nazorati punktlari soni ham 34tadan 54taga yetkaziladi. Tekshiruv hududi 15ta yo‘lakgacha kengaytiriladi. Shuningdek, uchib kelish zalida 48 yo‘lovchi o‘tish kanaliga ega yangi pasport nazorati zonasi tashkil etiladi, bagaj olish kamarlari soni to‘rttadan sakkiztaga ko‘payadi.
Shuningdek, uchib ketish va kelish zallarini birlashtirish orqali kutib oluvchilar uchun 4000 kvadrat metrga yaqin maydon ajratish mumkin bo‘ladi.