Fuqarolarning sentabr oyi uchun pensiyalari 1-sentabrgacha 15%ga oshirilgan holatda bank plastik kartalariga yuklab beriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Abror Xolmatov ma’lum qildi.

O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan 1−3 sentabr sanalari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelmoqda. Shu munosabat bilan pensiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun mablag‘lar joriy yilning 31-avgustigacha banklarga moliyalashtirib beriladi.

O‘z navbatida, pensiyalarni bank plastik kartalari orqali oluvchi fuqarolarga sentabr oyi uchun pensiyalar joriy yilning 1-sentabrigacha ularning plastik kartalariga to‘liq moliyalashtiriladi.

Prezidentning 12-avgustda qabul qilingan farmoni bilan, 1-sentabrdan fuqarolarning pensiya va nafaqalari miqdorlari 15%ga oshirildi.

Buning natijasida mamlakatdagi 4 mln nafardan ortiq fuqarolarning pensiyalari oshirilgan miqdorda to‘lab berilishi qayd etildi.

Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 834 ming so‘m hamda nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori 920 ming so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalarga oid ma’lumotlar bilan bu yerda tanishish mumkin.