Sport yoki arxitektura
Bolaligimdan tennis bo‘yicha karyera qilishni orzu qilardim, shu sabab ham mazkur sport turi bilan faol shug‘ullanganman. Universitet tanlash vaqti kelganida, hech ikkilanmasdan Jismoniy tarbiya va sport universitetiga kirishga qaror qildim. Biroq, ota-onam bilan kechgan suhbatimizda men hayotda eng ko‘p qurishni, yaratishni va ijod qilishni xohlashimni bildirganman. Aynan shu fikrdan hayratlanganman.
Natijada, Toshkent arxitektura-qurilish institutiga kirishga qaror qildim. 2008-yili o‘qishga kirishdan oldin olti oylik tayyorgarlik kurslariga borishim esa imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishimga turtki bo‘lgan.
Bu hayotimdagi eng to‘g‘ri qaror bo‘lgan deb hisoblayman! O‘qish boshidanoq menga yoqqan. Uchinchi kursimdan boshlab xususiy arxitektura va dizayn studiyalaridan birida ishlay boshladim. Turli loyihalar — turar-joy va noturar obyektlar, restoranlar, kafelar qurilishi bo‘yicha loyihalarda ishtirok etdim. Bularning barchasi menga talaba bo‘lishimga qaramay arxitekturaning asosiy vositalaridan foydalanish, buyurtmalarni bajarish standartlarini o‘rganish va hokazolarda tajriba orttirishga imkon berdi.
Mendan nima uchun dizayn emas, arxitektura, deb tez-tez so‘rashadi. Arxitektor — bu to‘liq ko‘nikmalarni, jumladan, dizaynni o‘z ichiga olgan kasb. Arxitektor rasmni ancha chuqurroq ko‘radi, barcha tafsilotlarni hisobga oladi — imorat, binoning tuzilishi, uning joylashgan joyi, ventilyatsiya, kanalizatsiya, isitish tizimlari va hokazo. Dizayner torroq vazifalar ustida ishlaydi.
2013-yili institutni tamomlaganimdan so‘ng, xususiy kompaniyada qisqa muddat arxitektor bo‘lib ishladim, keyin esa bu sohaning ko‘plab jihatlarini o‘rganib, ko‘proq daromad olishni maqsad qilgan holda frilanserlikka o‘tdim.
Asosan restoran va mehmonxona biznesidan turli buyurtmalar olardim. Qoidaga ko‘ra, uyda yolg‘iz ishladim. Masalan, men bo‘lajak binoning (kichik restoran yoki mehmonxona) strukturasini to‘liq loyihalashtirishim, uning uch o‘lchamli vizualizatsiyasini yaratishim, aniq o‘lchamlarni, planini, materiallarning xususiyatlarini aniqlashim, shuningdek, mijoz oxirida nimaga ega bo‘lishini aniq ko‘rishi uchun ichki dizayn bilan shug‘ullanishim kerak edi.
Bu sohadagi narx kvadrat metr bilan hisoblab chiqiladi va o‘sha paytda kvadrat metr uchun taxminan $10−15ni tashkil etgan. Bunday sharoitda o‘zingiz uchun ishlash juda foydali edi. Oyiga o‘rtacha ikkita kichik loyihani bajarishga muvaffaq bo‘lardim.
2014-yilda Toshkentdagi loyihalardan birini muvaffaqiyatli yakunlaganimizdan so‘ng do‘stim bilan Moskvaga taklif qilindik, u yerda bir yil davomida yashab, Rossiyaning “Vest Restovratsiya” kompaniyasi bilan shartnoma asosida ishladik. Biz 18-asr o‘rtalarida qurilgan, shahzoda P. Volkonskiyga, savdogar A. Kiryakovga, keyinchalik esa yozuvchi Buninga tegishli bo‘lgan eski qo‘rg‘onlarni tiklash bilan shug‘ullanardik.
O‘shanda butun loyihaning qiymati $50 mingni tashkil etgan. Bizning vazifamiz binoni rekonstruksiya qilish va kvartiralarga moslashtirish loyihasini yaratish, tashqi ko‘rinishini asl tarixiy uslubda saqlash va binoning hozirgi kungacha saqlanib qolgan konstruktiv xususiyatlarini saqlab qolish edi.
O‘zbekistonga qaytish va shaxsiy biznesni boshlash
2015-yil Rossiya kompaniyasi bilan shartnomam tugagach, O‘zbekistonga qaytib keldim. Men bir necha yil frilanser bo‘lib ishladim, so‘rovlarning aksariyati restoratorlardan bo‘lardi. O‘shanda shaxsiy nimadir ochish istagi bo‘lgan, ammo ishonch, shuningdek, kompaniyani qanday ochish, uning faoliyatini tashkil etish va hokazolar bo‘yicha yetarli bilimim yo‘q edi.
Bir paytlar Toshkent viloyatida joylashgan Toshkent mineral suvlari sanatoriysini restavratsiya qilishga yordamlashgandik. Bino beton karkasga ega edi, lekin boshqa narsalarini, shu jumladan, kompleksning rivojlanish konsepsiyasini, tashqi va ichki dizaynni, landshaftni va materiallarni tanlashni o‘zimiz qilganmiz. Loyiha ustida taxminan uch yil ishladik.
Aynan shu ishdan keyin o‘z ishimni boshlashga qaror qildim, “mustaqil suzib yurgan” yillarim davomida buning uchun yetarli ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lganimga ishonch hosil qildim.
2017-yili kursdoshim va qaynopam bilan “Akitekt” kompaniyasini ochdik. Uyimiz yerto‘lasini ta’mirlab, u yerda ishlay boshladik. Bunda katta xarajat talab qilinmadi. Ofisimiz vakillik funksiyalarini bajarmas, ko‘proq ish joyi sifatida xizmat qilardi.
Vaqt o‘tishi bilan biz tashqi atributlar haqida o‘ylay boshladik, shu sabab Mustaqillik maydonidagi Moliya vazirligi binosida ofis maydonini ijaraga olishga qaror qilganmiz va bu bizning xatomiz bo‘lgan. Biz bu orqali mijozlarimizni hayratlantirmoqchi bo‘lgandik. Pasport nazorati tufayli mijozlarni ofisga taklif qilish nihoyatda qiyin edi. Shu sabab, ikki oydan keyin Nukus ko‘chasidagi 53 kv.metr maydonga ega ofisga ko‘chib o‘tdik. Ta’mirlash va joylashish uchun bizga taxminan $3000 kerak bo‘ldi.
Kovorking markazini tashkil etish
Buyurtmalarni asosan HoReCa (mehmonxonalar, restoranlar, kafelar) sohasidan olishni boshlaganmiz. Ishlarimiz orasida “De factum” kattalar va bolalar klinikasi, “Igmar apart hotel”, “Kamolon osh”, “Resto” restorani, “Poytaxt Business Centre”, “Black Star Car Wash”, “Centris Fit” va boshqa ko‘plab loyihalarni qayd etishim mumkin. Hozirda narxlar 1 kv.metr uchun o‘rtacha $30−35ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, biz “De factum"ni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda amalga oshirdik, chunki biz ularning arxitektura yechimlari bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan hamkorlari hisoblanamiz. Mazkur loyiha davomida biz energiya samaradorligi bo‘yicha mukammal yechim taklif qildik. Klinika binosi quyoshli tomonda joylashgan bo‘lib, issiq vaqtda juda qizib ketadi, bu tibbiyot muassasalari uchun maqbul bo‘lmagan holat hisoblanadi. Biz quyoshdan himoya qiluvchi maxsus jalyuziylarni ishlab chiqdik, ular xonalarni butunlay qoraytirib, asosiy haroratni o‘zida saqlab qoladi. Shunday qilib, bino ko‘p ham sovutishga muhtoj bo‘lmaydi va kamroq energiya sarflaydi.
Asta-sekin jamoamiz kengayib, 12 kishiga yetdi va ofis biz uchun torlik qila boshladi. Biz Taras Shevchenko ko‘chasidagi hozirgi kattaroq binomizga ko‘chib o‘tishga qaror qildik. Oldin bu yerda 500 kv.metr maydonga ega sport zali bo‘lgan, biz 200 kv.metr maydonda joylashganmiz. Qolgan joydan samarali foydalanish maqsadida men va do‘stlarimga “[hub]” kovorking-markazini tashkil etish g‘oyasi kelgan.
Bu loyihaning bir nechta ta’sischilari bor, ulardan biri — tadbirkor va investor, shuningdek, mening do‘stim va hamfikrim Oybek Shayxov. Bizni kovorking-markazini yaratish maqsadi birlashtirgan. U ham men kabi juda yosh, ammo qiziqarli yo‘nalishning istiqbolini ko‘ra bilgan. Jami sarmoya taxminan $60 mingni tashkil etdi. Xab boshqaruvi bilan kompaniyamiz shug‘ullanadi.
Dastlab kovorking faqat frilanser sifatida ishlaydigan arxitektor va dizaynerlar uchun tashkil etilgan. Rezidentlar bemalol foydalanishlari uchun kerakli materiallar bilan kutubxona yaratdik. Keyin biz turli seminarlar va treninglar o‘tkazish uchun ma’ruza zalini tashkil etdik, lekin bu kutilganidek samara bermadi, ehtimol, marketingning zaifligi tufayli bo‘lsa kerak. Natijada, kompaniyamiz ma’ruza zalini ijaraga oldi va shu orqali uning operatsion xarajatlarini qoplamoqda.
Vaqt o‘tishi bilan, xabga faqat tor doiradagi mutaxassislar tomonidan tashrif buyurishga qo‘yilgan cheklovlardan ham past xarajatlar tufayli voz kechildi. Biz keng doiradagi odamlarga kovorkingdan foydalanish imkoniyatini taqdim etdik va bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi, chunki bu xabga ikki yil ichida o‘zini qoplash imkonini berdi. Hozir u yerga har kuni 20dan 35 nafargacha turli soha vakillari — bankirlar, huquqshunoslar, psixologlar va boshqa mutaxassislar tashrif buyurishadi.
Albatta, biz bu biznesda yolg‘iz emasmiz. Poytaxtning turli hududlarida kovorking-markazlari kun sayin ochilmoqda va moslashuvchan ofis tushunchasiga talab tobora ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari, har bir kovorkingning o‘ziga xos auditoriyasi mavjud. Xuddi shunday tushunchalarga ega bo‘lgan art-kafe va anti-kafelar ham asta-sekin kuchayib bormoqda. Ishonamizki, kelajakda bu yo‘nalish jadal rivojlanib, yuqori raqobatni ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, bizning raqobatbardosh afzalliklarimiz orasida qulay joylashuv, maqbul narxlar, loft uslubidagi jozibali ta’mir va do‘stona muhitni qayd etgan bo‘lardim. Biz yaponcha “kaizen” (doimiy takomillashtirish) konsepsiyasiga muvofiq harakat qilishga intilamiz va albatta bozor talablari asosida o‘zgarib boramiz.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
“Asnova” loyihasi
Kompaniyaga ishga yollash “tanish-bilish” tamoyili asosida tasodifiy amalga oshirildi va biz iste’dodlilarni qayerdan topishimiz haqida o‘ylab qoldik. Keyin biz arxitektura va dizayn bo‘yicha to‘rt oylik oflayn kurs bo‘lgan “Asnova” (Yangi arxitektorlar assotsiatsiyasi) loyihasini amalga oshirishga qaror qildik. Oylik o‘qish to‘lovi $300ni tashkil etadi. Yoshi va bekgraundidan qat’i nazar, hamma ishtirok etishi mumkin. Masalan, bizda oldin aviadispetcher bo‘lib ishlagan odam ham o‘qigan, hozir esa u dizaynerlik bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanmoqda.
Dastlab, kurslar Nukus ko‘chasidagi oldingi ofisimizda ikki oy davom etgan. Yangi ofisga ko‘chib o‘tganimizdan so‘ng, ularning davomiyligi va mazmunini oshirishga qaror qildik.
O‘qituvchilar o‘zimizning ishchilarimizdir. Kurslar davomida talabalar arxitektura va dizaynning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitilib, korxona amaliyotidagi real keyslar, to‘plangan bilim bazalari bilan tanishadilar, arxitektor ega bo‘lishi kerak bo‘lgan majburiy kompyuter dasturlari bilan ishlash ko‘nikmalarini egallaydilar.
O‘quvchilar asosan do‘stlari orqali kurslarimizga yozilishadi, shuningdek, bizni ijtimoiy tarmoqlar orqali topadilar. Bitiruvchilar kelajakda, shuningdek, ularga turli tashkilotlarga kirishda yordam beruvchi sertifikat olishadi.
Bugungi kunga qadar 20dan ortiq kishi kurslarimizni tamomladi. Ba’zi bitiruvchilarni kompaniyamizga taklif qilamiz, ko‘plari o‘zlari ishlashda davom etmoqdalar, ayrimlari esa chet elga ketgan. Umuman olganda, barcha bitiruvchilar o‘zlarini shu sohada topadilar. Biz bitiruvchilarimizni ish bilan ta’minlashga harakat qilamiz yoki ular oyoqqa turib ketishlari uchun turli loyihalarni, masalan, turar-joy sektori yokida kichik kafelar bo‘yicha loyihalarni topshiramiz.
Joriy holat
Kompaniyaning yillik aylanmasi taxminan $100 mingni tashkil etadi va jamoada 20dan ortiq kishi bor. Biz bilim bazamizni raqamlashtirdik, ish jarayonlarini tizimlashtirdik va ichki qoida hamda standartlarni joriy qildik, bu bizga kengayish imkonini beradi.
Bu yil “Burchmulla Resorts” dam olish majmuasi, “Chimyon” mehmonxonasi, “Wein coffeye shop”, “Central Asia Distribution office” kabi loyihalar ustida ishlayapmiz.
Erishilgan reputatsiyamiz tufayli mijozlar “sarafan radiosi” orqali kelishmoqda. Lekin ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanamiz va internetdagi maqsadli auditoriya orasida e’lonlarni kuzatib boramiz. Shu bilan birga, marketingimiz yomon ekanini tushunamiz va kelajakda kompaniyani ilgari surishga ko‘proq e’tibor qaratishni rejalashtirmoqdamiz.
Bu bozorda raqobatchilar juda ko‘p. Frilanserlar bozorning ma’lum bir qismini egallaydi. Biroq, har doim shunday buyurtmachilar bo‘ladiki, ular uchun kompaniyaning mavjudligi, yaratilgan portfolio, o‘rnatilgan ish tizimi, sifat, ishonchlilik, muddatlar va boshqalar muhim. Bu parametrlarni yolg‘iz ta’minlash qiyin.
Kompaniyamizdagi ish haqi dastlabki bosqichda 3 mln so‘mdan 8 mln so‘mgachani tashkil etadi. Keyinchalik loyihaga, uning murakkabligi, hajmi, kvadraturasi hamda boshqa ko‘rsatkichlariga qarab, arxitektor ko‘proq pul ishlashi mumkin. Xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida darajalar joriy qilganmiz: junior (3 mln), middle (6 mln), senior (8 mln va undan yuqori) va tegishli KPI. Qoidaga ko‘ra, junior keyingi bosqichga juda tez o‘tadi, chunki ish haqini oshirish istagi turtki beradi.
Biz VR-ko‘zoynaklaridan foydalangan holda tayyor loyihalarni vizuallashtirishda zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanamiz. Ya’ni, mijoz o‘zining bo‘lajak loyihasiga virtual sho‘ng‘ishi, hamma narsani eng kichik detallarigacha ko‘rishi, bino bo‘ylab yurishi, materialni o‘rganishi, o‘lchamlari va boshqa ko‘plab parametrlarni ko‘rishi mumkin.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Biz parallel loyihalashtirishni taklif qiluvchi kam sonli kompaniyalardan birimiz. Ya’ni, agar mijoz binoni ijaraga olgan va ta’mirlash ishlari davom etayotgan bo‘lsa, jarayonga aralashib, zudlik bilan konsepsiyani va dastlabki harakatlar rejasini ishlab chiqishimiz mumkin, keyin ishchi guruhlarga muayyan harakatlarni topshiramiz. Shunday qilib, mijoz developerdan ta’mirlashning to‘liq tugashini kutishi shart emas, vaqtni tejab, parallel ravishda yechimga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, biz buyurtmachilarimizga ularning qurilayotgan loyihalari ekologik, xavfsiz va energiya samaradorligi sohasida xalqaro sifat standartlariga javob berishi uchun o‘z ekspertizamizni taqdim etamiz.
Kelajakdagi rejalar
Kelgusi besh yil ichida biz uchta shartli blokdan iborat ekotizim yaratmoqchimiz:
- to‘plangan tajriba va ekspertizaga ega kompaniya;
- arxitektura va dizayn sohasidagi yosh mutaxassislarni tayyorlovchi “Asnova” o‘quv kurslari;
- birinchi va ikkinchi bloklar resurslaridan foydalangan holda turli obyektlarni qurish bilan shug‘ullanuvchi developing kompaniyamizni (xorijiy hamkorlar bilan) ochish.
Shuningdek, biz xorijga chiqishni va uzoq muddatda BAA va Yevropa mamlakatlari bozorlarini zabt etishni xohlaymiz.
Hozircha dastlabki ikkita blokni muvaffaqiyatli rivojlantiryapmiz, ammo asosiy yutuqlar hali oldinda.
Vaqt o‘tishi bilan o‘zimni operatsion mas’uliyatdan ozod qilish va strategik yo‘nalishlarga ko‘proq vaqt ajratish maqsadida ijrochi direktorni yollashni rejalashtiryapman.
Shaxsiy hayot va qiziqishlar
Men o‘z sohamda rivojlanishim uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar, asosan sport bilan shug‘ullanishim kerak, degan qarorga keldim. Doimo resurs holatida bo‘lishim uchun ataylab o‘zimning komfort zonamdan chiqaman. Tennis, krossfit, velosport va uzoq masofaga suzish bilan faol shug‘ullanaman. Pianino chalishni ham o‘rganish niyatim bor.
Mazkur konsepsiyaning uzviy davomiyligi sifatida “Instagram"da sahifamni yurita boshladim. Bu men uchun yangi format, uni yanada rivojlantirishni xohlayman, chunki shaxsiy brend — bu davr talabi.
“Yard” biznes klubiga ham aynan shu sabab a’zo bo‘lib, juda katta taassurot oldim. Ma’lum bo‘lishicha, uning barcha a’zolari bir xil mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishgan, ko‘plab hayotiy muammolarni hal qilishgan va ulardan foydali maslahatlar olish mumkin.
Ishonchim komilki, xobbi va mashg‘ulotlar orqali miyada asosiy ishda muvaffaqiyatga yordam beradigan neyron aloqalar yaratiladi.