Iyul oyi o‘rtalarida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Humo” to‘lov tizimini boshqaruvchi “Milliy banklararo protsessing markazi"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi.
Xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida “Deloitte” konsalting kompaniyasi jalb qilingan. Savdo jarayoni uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.
Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgan. Kompaniya “Humo"ning joriy biznes modelini to‘lov texnologiyalari va xizmatlari bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.
“Spot” mutaxassislar bilan “Kaspi"ning mahalliy fintex bozori va “Humo"ga qiziqishi sabablari, kelishuv ehtimoli va kompaniyaning minimal qiymati haqida suhbatlashdi.
Kaspi bilan kelishuv ehtimoli
“Kap Depo"ning investitsion bankiri Muzaffar Roziqovning ta’kidlashicha, “Kaspi"ning O‘zbekiston bozoriga kirishiga asosiy sabab, bozor Qozog‘istonga nisbatan kattaroq ekanligidadir. Boshqa omillarga “Kaspi” maqsad qilgan mamlakatlarga nisbatan mobil aloqaning yuqori darajada kirib borishi, naqd pulsiz to‘lovlar va elektron tijoratning rivojlanishi kiradi.
O‘zbekistonda profili “Kaspi” biznesiga mos keladigan bir qancha muvaffaqiyatli fintex-kompaniyalari mavjud. Oddiy foydalanuvchilar uchun yangi o‘yinchining paydo bo‘lishi bozorda raqobat kuchayishini anglatadi, deya qayd etdi u.
“Shaxsan men “Kaspi"ning “Humo"ni xususiylashtirishdagi imkoniyatlarini yuqori deb baholayman va bu yaxshisi bo‘ladi”, — dedi Muzaffar Roziqov.
Moliyaviy tahlilchining ta’kidlashicha, agar “Humo” mahalliy banklardan biri tomonidan sotib olinsa, boshqa banklar o‘rtasidagi raqobat muhiti borasida savol tug‘ilishi mumkin.
“Gafurov, Kardash & Partners” hamkori va hammuassisi Yodgor G‘ofurovning fikricha, “Humo"ning Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘lgan xorijiy moliyaviy ekotizim tomonidan sotib olinishi O‘zbekiston bozoridagi kuchlar muvozanatini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.
““Kaspi"ning bitimni muvaffaqiyatli yakunlash imkoniyati yuqori emas degan taxminlar mavjud. Kelishuv amalga oshsa ham, mahalliy o‘yinchilar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun tartibga soluvchi va ma’muriy vositalardan foydalanishlari mumkin. Bu esa “Kaspi” uchun jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga chiqaradi va bizning bozordagi o‘sishini sekinlashtiradi”, — deya o‘rtoqlashdi ekspert.
Kaspi gipotetik tarzda mahalliy o‘yinchi bilan kapital aksiyadorlik darajasida hamkorlik qilishi mumkin. Biroq, “bu “Kaspi"ga aksiyalari AQShning “Nasdaq” fond birjasida sotiladigan ommaviy kompaniya sifatidagi muayyan tartibga soluvchi talablar tufayli qiyin vazifa bo‘lishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
Humo’ning minimal qiymati
2022-yilning sentabrida Davaktiv agentligi “Uzcard” to‘lov tizimining 75% davlat ulushini 210,1 mlrd so‘mga (tranzaksiya amalga oshirilgan vaqtdagi kurs bo‘yicha qariyb $19 mln) sotdi. Biroq Muzaffar Roziqov “Uzcard"ning xususiylashtirilishiga baho berar ekan, davlat korxonasi bo‘lgungacha “Uzcard” xususiy bo‘lganini hisobga olish zarurligini ta’kidladi.
Investitsion bankir “Humo” O‘zbekiston uchun strategik obyekt ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, to‘lov tizimi aktivlarining rentabelligi ayrim banklarnikiga nisbatan sezilarli darajada yuqori. Joriy yilning birinchi yarmida “Humo"ning sof foydasi 71,7 mlrd so‘mni tashkil etdi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 51,2%ga yuqori).
Muzaffar Roziqovning qayd etishicha, “Humo"ni xarid qilish “Kaspi"ga multiplikatsion effekt beradi. Bu “Kaspi” foydalanuvchilari sonining sezilarli o‘sishini tezda ko‘rishni bildiradi.
2024-yilning birinchi choragida “Kaspi.kz"ning kunlik faol foydalanuvchilari (DAU) soni 9,1 mln kishini, oylik faol foydalanuvchilari (MAU) esa 14 mlnni tashkil etdi. Xususiylashtirishdan keyin “Humo” karta egalari bu ko‘rsatkichlarga qo‘shiladi.
“Mazkur ma’lumotlar va “Humo"ning moliyaviy ko‘rsatkichlariga asoslanib, men barcha risklarni hisobga olgan holda “Humo"ni $60 mlndan ortiq baholashni taklif qilishim mumkin”, — deya xulosa qildi Muzaffar Roziqov.
Bundan tashqari, ehtimoliy xarid natijasida “Kaspi” “Humo"dan O‘zbekiston bozoriga kirish nuqtasi sifatida foydalanishi mumkin, deb hisoblaydi tahlilchi.
Yodgor G‘ofurov ta’kidlaganidek, “Agar biz “Humo"ning minimal qiymati (enterprise value) haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning joriy va prognoz moliyaviy ma’lumotlariga ega bo‘lmasak va qiyosiy multiplikatorlarni qo‘llamasak, biznesning indikativ minimal qiymati (enterprise value) hech bo‘lmaganda $80 mln bo‘lishi mumkin”.
Humo tarixi
“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.
2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.
Joriy yilning may oyida MBPM prezidentning tegishli farmoniga muvofiq aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalarni chiqarildi va ular Davaktiv agentligida joylashtirildi.
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev joriy yilgi davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturini tasdiqlagandi. Unda “Humo"ning davlat ulushini sotish ham ko‘zda tutilgan.