Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga bir qator o‘zgartishlar kiritildi.
Hujjat “Uy-joy kodeksi"ga xususiy mulk va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimchani o‘z ichiga oladi. Qayd etilishicha, uy-joyni huquqiy muhofaza qilish normalarini kengaytirish yangilangan Konstitutsiyada nazarda tutilgan.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, hech kim sud qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joydan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum qilingan mulkdorga uy-joy qiymati va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya berilishi kerak.
Shuningdek, turar joylarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, qayta qurish yoki buzish shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Ilgari bunday harakatlarga hokimlik ruxsati bilan yo‘l qo‘yilardi.
Shaharsozlik kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar bilan sel va ko‘chki xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda bino va inshootlarni loyihalashtirish yoki qurish taqiqlanadi. Bu o‘zgartirish qurilishda tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi ehtimolini hisobga olishni ta’minlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirildi. Ularning harakatini hududiy prinsip bo‘yicha cheklash, to‘xtatib turish yoki taqiqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Avvalroq prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida endilikda yer savdosidan tushgan mablag‘lar avvalo buzilishlar bo‘yicha tadbirkorlardan qarzni so‘ndirishga qaratilishi ma’lum qilingandi.