30-avgust kuni prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 5ta yo‘nalishdan iborat muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish dasturi doirasida ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxati hamda amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
2024-yilning 1-noyabridan davlat dasturlari asosida kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari jalb qilinadi.
“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlikka ajratiladigan 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar miqdori 300 mln so‘mgacha oshiriladi.
Bunda qayta moliyalashtirish yoki ular bo‘yicha kafilliklar taqdim etish tartibi saqlangan holda bank va mikromoliya tashkilotlarining o‘z resurslari hisobiga mazkur mikrokredit miqdorini oshirishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, 1-noyabrgacha tadbirkorlarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishda qulaylik yaratiladi.
Elektr va gaz iste’moli miqdorlariga nisbatan shartnomaviy limitlar oshiriladi va undan ortishiga yo‘l qo‘yilganda, ortiq iste’mol qilingan elektr hamda gaz uchun qo‘shimcha to‘lov kamida 10 baravarga kamaytiriladi.
Joriy yilning 20-avgust kuni o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida barcha sanoat korxonalari elektr va gazga o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov ikki barobar ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotgani qayd etilgandi.
Muloqotda sanoatning o‘sishiga ta’sir qiladigan bunday cheklovlar qisqartirilishi belgilandi. Biznes uchun elektr va gaz iste’moli limitdan 20%gacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qolishi, agar iste’mol 20%dan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20%ga qimmatlashishi nazarda tutilgandi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik reytingida “yuqori”, “o‘rta” toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Muloqotda mikrokreditlar miqdorini 3 barobargacha oshirish — 300 mln so‘mga yetkazish ma’lum qilindi. Bunda kreditning 100 mln so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi. Bu maqsadga bir yilda 10 trln so‘m beriladi.
Avvalroq o‘tkazdi. “Spot” ochiq muloqotda ilgari surilgan muhim taklif va tashabbuslarni bir joyga jamlagandi.