Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha umumxalq referendumi sanasini ma’lum qildi, deb yozadi “Forbes.kz” nashri.
Bu haqda mamlakat prezidenti parlament palatalari yig‘ilishida xalqqa murojaatida ma’lum qildi.
U o‘z nutqida global energiya taqchilligi kuchayib borayotgan bir sharoitda barqaror, toza energiya manbalarining muhimligini ta’kidladi.
“Yadro energetikasi [Qozog‘iston] iqtisodiyotining tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira oladi”, — dedi Tokayev.
U, shuningdek, “atom elektr stansiyasini qurish masalasida o‘ylangan qaror” zarurligini ta’kidladi.
Qozog‘iston rahbari referendum 6-oktabr kuni o‘tkazilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish “tinglovchi davlat” tushunchasining namoyon bo‘lishi va “yangi ijtimoiy-siyosiy madaniyat"ni shakllantirish yo‘lidagi qadam bo‘ladi.
Toqayev ilk bor 2023-yil sentabrida xalqqa murojaatida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. U o‘shandan beri o‘tgan vaqtni “fuqarolar ongli ravishda qaror qabul qilishlari uchun” yetarli deb hisoblaydi.
2021-yil dekabr oyida Qozog‘iston va “Rosatom” o‘rtasida atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Mamlakat hukumati bu zaruratni energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan iqtisodiyotni “yashil” o‘tish va karbonsizlantirish rejalari bilan izohladi.
Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov AES qurilishini istiqbolli yechim deb atadi. U mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish uchun barcha qulayliklar mavjudligini, jumladan uran zaxiralari va mavjud yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarishni ta’kidladi.
Qozog‘iston Energetika vazirligi 2023-yil avgust oyida AES qurilishi uchun potensial joy tanlashni e’lon qildi. Hudud sifatida Olmaota viloyati, Jambil tumani, Ulken qishlog‘i tayinlandi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha birinchi shtab ish boshlagani haqida yozgandi.
Xususan, 6 blokli kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha shartnomaning kuchga kirishi borasida bayonnoma imzolandi.