Avvalroq 2024/2025-o‘quv yili qabulida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining minimal miqdori tasdiqlangandi.

Bu to‘plagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga 4,05 balgacha yetmagan, 56,7 balldan kam to‘plamagan abituriyentlarga amal qiladi.

“Super” kontrakt uchun arizalarni onlayn qabul qilish va shartnomalarni berish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi bayoni bilan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari belgilandi.

Unga ko‘ra, to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga:

  • 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
  • 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmaganlar — 2 barobar;
  • 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmaganlar — 2,5 barobar;
  • 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmaganlar — 3 barobar etib belgilandi.

Bunda ushbu toifadagi abituriyentlar uchun to‘lov-kontraktning minimal miqdorlarini hisoblashda OTMlarda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan (stipendiyasiz) bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘qitish qiymati qo‘llaniladi.

Masalan, tibbiyot sohasida bazaviy kontrakt 10,5 mln so‘mni tashkil etadi. Bunda to‘plagan bali o‘tish baliga 1,05 balgacha yetmagan abituriyentlar mazkur kontrakt miqdorining 1,5 baravarini — 15 mln 750 ming so‘m to‘lashadi.

Moliyaviy mustaqillik berilgan OTMlarda esa, 2024/2025-o‘quv yili qabuli uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlari belgilagan (stipendiyasiz) to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan yuqoridagi miqdorda hisoblanadi.

Qo‘shimcha ravishda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun super-kontrakt qiymatining minimal miqdorlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Abituriyentlar shartnomalarni kontrakt.edu.uz sayti orqali ariza jo‘natib, onlayn olishlari mumkin. Saytdan foydalanish uchun nomzodlar ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

Avvalroq kollej va texnikumlarga tanlov natijalari e’lon qilingandi. Abituryentlar natijalarni my.uzbmb.uz saytidan olishlari mumkin.