Raqobat qo‘mitasi tomonidan Akfa universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaga mazkur oliygohning “Commercial Law” (Tijorat huquqi) yo‘nalishida bir yil o‘qigan va keyingi yildan bu yo‘nalishda o‘qish to‘xtatib qo‘yilganligi, to‘langan pullar qaytarib berilmayotganligi to‘g‘risida 10ga yaqin murojaat kelib tushgan.
Murojaatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2022-yilning 10-yanvarida OAVda Akfa universitetiga 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul boshlanganligi to‘g‘risida reklama axborotlari joylashtirilgan. Ularda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, shuningdek, “Tijorat huquqi” ta’lim yo‘nalishi uchun ham davom etayotganligi bayon qilingan.
Universitetga nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun berilgan litsenziyada ruxsat etilgan ta’lim yo‘nalishlarida “Tijorat huquqi” mavjud emasligiga qaramasdan, mazkur yo‘nalishda o‘qitish uchun talabalar o‘qishga qabul qilingan va 4 yillik (8ta semestr) o‘qish uchun ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan.
Talabalar 12,5 mln so‘mdan 25 mln so‘mgacha kontrakt to‘lovini to‘lagan. Qo‘mitaga kelib tushgan 7ta murojaatlar bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinmagan jami mablag‘ miqdori 167,5 mln so‘mni tashkil etdi.
O‘qish ma’lum bir muddat davom etgan. 2023-yil avgust oyida talabalarga “Tijorat huquqi” yo‘nalishida o‘qitish uchun litsenziya berilmaganligi sababli 2023/2024 o‘quv yilini vaqtinchalik gibrid shaklida davom ettirish yoki “Xalqaro biznes” ta’lim yo‘nalishida o‘qish taklif qilingan.
Talabalardan ayrimlari bu taklifni rad etgan, ayrimlari esa boshqa ta’lim yo‘nalishida o‘qishga rozi bo‘lgan. Biroq, universitet tomonidan bugungi kungacha ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan kontrakt pullari fuqarolarga qaytarib berilmagan.
Mazkur holatlar bo‘yicha “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning quyidagi moddalari talablari buzilgan deb topildi:
- 4-modda — xizmatning xavfsiz bo‘lishi, ijrochining g‘ayriqonuniy harakati tufayli yetkazilgan moddiy ziyoni to‘liq hajmda qoplanishi;
- 7-modda — noto‘g‘ri reklama oqibatida iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplab berilmaslik;
- 12-modda — xizmatni amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda bajarilgan bo‘lishi;
- 19-modda — shartnoma shartlarini bajarmaslik;
- 21-modda — shartnomaga iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlarni kiritish, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 12.10.2005-yildagi 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan “Central Asian University"ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ish maxsus komissiya tomonidan arizachilar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Universitetga qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 7 nafar talabaga jami 167,5 mln so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish, boshqa fuqarolar murojaati asosida ular bilan tegishli qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Qayd etilishicha, Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Avvalroq qo‘mita 500ga yaqin dorixona dori vositalarini oshirib sotgani aniqlagandi. Natijada dorixonalar tomonidan 5,4 mlrd so‘mga yaqin asossiz daromad olingan. Shundan asosiy qismi poytaxtga to‘g‘ri keladi.