Kichik biznes uchun ofis maydonini tanlash kompaniyaning o‘sishiga, jamoa samaradorligiga va mijozlar qulayligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan muhim qadamdir. Toshkentda ko‘plab tijorat maydonlari mavjud, ammo sizning ehtiyojlaringiz uchun idealini qanday topish mumkin?

Ushbu maqolada “Spot” “CMWP” mutaxassisi Nasima Axmatova bilan birgalikda ofis uchun bino tanlashda asosiy omillarni hisobga olishga yordam beradigan joylashuv va infratuzilmadan tortib xodimlar uchun qulaylikkacha ahamiyat berish kerak bo‘lgan ro‘yxatni tuzdi.

Maqolaning video varianti:


Joylashuvi

Joyni tanlashda kompaniyaning vazifalariga nazar solish kerak. Agar kompaniya xizmat ko‘rsatish sohasi kabilarda faolyat yuritadigan bo‘lib, u yerga ko‘plab mehnonlar/mijozlar tashrif buyursa, u holda shaharning markaziy qismida joylashgan ofislarga afzallik berish kerak. Bu tashrif buyuruvchilarga barcha tumanlardan qulayroq kelish imkonini beradi.

Bundan tashqari, agar kompaniya xodimlari jamoat transportida ofisga boradigan bo‘lsa, unda rivojlangan transport infratuzilmasi bo‘lgan joylarda, ya’ni yurish masofasida metro yoki avtobus bekatiga yetib olish mumkin bo‘lgan ofislarni tanlash kerak.

Binoning yonida mijozlar uchun “stixiyali” avtoturargohning majudligi ham ofis maydonini tanlashda muhim omil hisoblanadi.

Shuningdek, ko‘pincha kompaniyalar oziq-ovqat do‘konlari va kichik kafelar majudligiga qarashadi. Bundan xodimlarning ovqatlanishi, kofe-tanaffuslari, mijozlar va jamoa bilan qisqa uchrashuvlar uchun joy ko‘zlanadi.

Lekin balansni izlash kerak, chunki markazdagi binolar ancha qimmat.

Maydoni va holati

Potensial ijarachilar kamdan-kam hollarda butun binoning umumiy maydoniga e’tibor qaratishadi. Aksincha, ular obyektning formatiga (masalan, katta biznes-markaz yoki ijarachilar soni kam bo‘lgan kichik bino) va uning massivligiga qarashadi.

Ko‘rib chiqilayotgan har bir obyektning tuzilishini so‘rash kerak, chunki uning asosida xodimlarni qanday joylashtirish mumkinligi haqida tushuncha paydo bo‘ladi. Masalan, 200 kv metrli ko‘p bo‘limlar va devorlarga ega bo‘lgan ofisga qaraganda shunday maydonli open-speys ofisida ancha ko‘proq xodimlarni joylashtirsa bo‘ladi.

Yangi boshlovchi tadbirkorlarga ijara haqini muntazam to‘lash uchun ortiqcha pul talab qilmaydigan kichik ofis kerak. Shuningdek, kichik biznes binolarni ta’mirlangan holda olgani ma’qul, chunki aks holda bu katta moliyaviy va vaqt xarajatlarini keltirib chiqaradi.

Binoning qurilish, muhandislik va yong‘inga garshi tizimlarini tekshirish har bir kompaniya uchun muhim omil hisoblanadi. Chunki bu xodimlarning xavfsizligi haqida.

Shamollatish va konditsioner tizimlariga alohida e’tibor berish kerak. Toza havo xodimlarning ishlashi va ularning umumiy holatiga ta’sir qilib, optimal haroratni saglashga yordam beradi. Shuningdek, muqobil elektr ta’minoti mavjudligiga ham e’tibor qaratish lozim.

Qulaylik va sharoitlar

Aksariyat kompaniyalar oshxonaga unchalik ahamiyat berishmaydi, biroq uning mavjudligi ofis maydonida oziq-ovqat hidi bo‘lmasligini ta’minlaydi. Vа albatta, hojatxonaga navbat to‘planmasligi uchun kabinalar soni yetarli bo‘lishi kerak.

Kichik masaladek ko‘rinadigan yuqoridagi ikkala omil ham kompaniya imidjiga ta’sir qilishi mumkin. Siz mijoz/sherigingizni oziq-ovqat hidi keladigan va hojatxonaga borish qiyin bo‘lgan ofisga taklif qilishni xohlamaysiz, albatta.

Bugungi kunda ofisda agile-maydonining mavjudligi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aksariyat xodimlar ularning salomatligi va farovonligini yaxshilashga ko‘proq e’tibor qaratadigan ish beruvchilarni qadrlashadi.

Shuningdek, binoning ish vaqti ham muhim ahamiyat kasb etadi, negaki xorij bilan autsorsga ishlaydigan kompaniyalarning ish rejimi tungi vaqtda bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, IT-kompaniyalarning xodimlari odatda ofisda kechgacha qolishadi, bunda binoga kirish va muhandislik tizimlarining ishlashi muhimdir.

Huquqiy jihatlar

Birinchi navbatda, tegishli hujjatlar mavjudligi, barchasi qonuniy ekanligini tekshirish kerak. Kadastrsiz ijara shartnomasini imzolash va ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin emas, bu ijarachini noqulay va xavfsiz holatga olib kelishi mumkin.

Yodda tuting: ijara shartnomasi jiddiy huquqiy hujjat bo‘lib, faqat unda ko‘rsatilgan shartlarda bekor qilinishi mumkin. Shunday ekan ijara shartlarini diqqat bilan muhokama qiling. Ularni huquqshunos yordamida shartnomada kafolatlang.

Yaxshi tuzilgan shartnoma kelajakda biznes duch kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirishga yordam beradi.