O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor faxriy unvoni ta’sis etildi. Bu bo‘yicha 30-avgust kuni qonun qabul qilindi.
Unvon biznesning yangi, yuqori daromadli yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, innovatsiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, eksport salohiyatini oshirish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish, ish o‘rinlarini yaratish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarga beriladi.
Shuningdek, unvon bilan o‘z faoliyati davomida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirib, ijtimoiy loyihalardagi faolligi bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan, biznes yuritishda katta tajribaga ega rahbar va ta’sischilar taqdirlanadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Avgust oyi oxirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mazkur qonun loyihasini ko‘rib chiqishgandi.
Deputatlar unvonni ta’sis etish yutuqlarga erishgan va jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarni aniqlash hamda ularni taqdirlash, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga undashini qayd etishgandi.
2022-yilning avgustida prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida davlat rahbari biznes vakillari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonini ta’sis etish taklifini bildirgandi.
Shuningdek, o‘sha yildan O‘zbekistonda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. 2024-yilda ham prezident farmoyishi bilan jami 104 nafar biznes vakili mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.
Ular qatorida “Ermak” savdo belgisi asoschisi Validjan Salixov, “Feed Up” direktori Umid Irgashev hamda “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i tijorat direktori Sherzod Maxmudov kabilar bor.