Endi ijarada yashovchi talabalar ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun arizalarni onlayn jo‘natishlari mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Arizalar kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali qabul qilinib, talaba tizimdan ro‘yxatdan o‘tishi hamda shaxsiy kabinetga kirishi kerak.
Undan keyin shaxsiy kabinetdan “Ijara to‘lovlari” bo‘limi tanlanadi. “Ariza yuborish” tugmasi bosilgach, ariza yuboriladi.
Bunda 1-bosqich talabalaridan joriy o‘quv yilining sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etilmaydi. Biroq, undan keyingi oylarda to‘lovlarni qoplashi uchun talaba ijara shartnomasini tuzishi kerak.
Shuningdek, ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari sentabr va oktabr oylar uchun kompensatsiya olishda ijara shartnomasi bo‘lishi talab etiladi.
Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar quyidagicha qoplanadi:
- Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (340 ming so‘m);
- qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (170 ming so‘m).
Buning uchun talaba o‘zi ta’lim olayotgan fakultetga yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga yozma ariza bilan murojaat etishi lozim.
Hukumatning 2021-yilning 24-sentabridagi qarori bilan ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini budjetdan qoplab berish tartibi belgilangan.
Bunda davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq yashovchilarga to‘lovlar qoplab beriladi. Bu ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida tatbiq etilmaydi. Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish xizmatidan bu yerda foydalanish mumkin.
OTMlarning birinchi bosqich talabalariga ikki oylik ijara pulini shartnomasiz to‘lab berish tizimi 2022-yilda ishga tushgan.
2023-yilning aprelida ijara to‘lovini qoplab berishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Avgustga kelib talabalarni turar-joy bilan ta’minlash tizimini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun talabalarga qo‘yiladigan ayrim talablar bekor qilinib, talabgorni aniqlash mezonlarini belgilash vakolati OTMdagi komissiyaga berildi.
Avvalroq Davlat xizmatlari markazi hamda Yagona portal orqali talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari boshlangani haqida xabar berilgandi.