Avgust oyida iste’mol narxlari 0,53%ga oshdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan (0,54%) biroz kamroq va 2022-yilga nisbatan (0,52%) biroz yuqori bo‘ldi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.
Yil boshidan buyon inflyatsiya 5,5%ni tashkil etdi. Narxlarning o‘sish sur’ati 2023-yilning shu davriga (3,8%) nisbatan oshdi, biroq ikki yil oldingi (6,98%) darajasidan pastligicha qolmoqda.
Avgust oyi oxirida yillik inflyatsiya 10,5%ga teng bo‘ldi, bu o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada yuqori va oldingi uch yilga nisbatan pastdir.
Oy davomida oziq-ovqat narxi 0,5%ga oshdi. Sabzavotlar (5%) va go‘sht (3,9%) qimmatlashdi, meva va yong‘oqlar esa deyarli 10%ga arzonlashdi. Tarvuz uchdan birga, qovun — 28%, uzum 27%ga tushdi.
Yil davomida oziq-ovqat inflyatsiyasi 2,8%ni tashkil etdi, go‘sht mahsulotlari eng yuqori narx o‘sishini ko‘rsatdi (+8,5%). Shu bilan birga, sabzavotlar 17,5%ga, yog‘-moy mahsulotlari 2%ga arzonlashgan.
Karam ikki baravarga, bodring va tarvuzlar — 40%dan ko‘proqqa, piyoz, sabzi va baqlajonlar uchdan biriga arzonlashdi. Tuxum narxi 12%ga, kungaboqar yog‘i 1%ga pasaydi.
Avgust oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,7%ga oshdi va yillik o‘sish 8,6%gacha tezlashdi. Kiyim-kechak (0,2% va 6%), poyabzal (0,3% va 5,7%) va mebel (0,6% va 5,7%) dinamikasi avvalgi oylarga yaqin darajada saqlanib qoldi.
Maishiy texnika 0,6%ga (yiliga 7%), elektronika 0,7%ga (1,5%) qimmatlashdi. Dori-darmon narxining o‘sishi 0,8%gacha sekinlashdi, yillik ko‘rsatkich esa 23,4%ni tashkil etdi.
Propan narxi oy davomida 20%ga oshdi (yil davomida 32,7%). Avgust oyida metan narxining o‘sishi sal pastroq bo‘ldi — 4% (yillik 39%), benzin narxi esa biroz pasaydi (-0,2% va 15%).
Xizmatlar narxlarining o‘sishi biroz sekinlashdi — oyiga 0,4% va yillik 27,6%. Umumiy ovqatlanishdagi narxlar o‘sishda davom etmoqda (1,5% va 12,6%), mehmonxona sohasida esa barqarorlashdi (yiliga 17,7%).
Uy-joy ijarasi 0,1%ga oshdi. Yillik ko‘rsatkich 9,1%ni tashkil etgan bo‘lsa, yil boshidan buyon o‘sish atigi 3,1% bo‘ldi. Avtomobil va poyezdda tashuvlar 0,6%ga (yil davomida mos ravishda 44% va 14,2%ga), havo transportida 1%ga (5,9%) qimmatlashdi.
Avvalroq avgust oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida xabar berilgandi.