“Jobster” startapi “AloqaVentures” fondidan $150 ming sarmoya jalb qildi. Bu haqda venchur fond matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Platforma kompaniyalarga yangi xodimlarni yig‘ishda bo‘lajak ishchilarni tez va qulay topishga yordam beradi. Hozirda platforma xizmatlaridan foydalangan kompaniyalar soni 60tadan ortiqni tashkil etadi. Shu bilan birga, bazada 600 mingga yaqin ish qidiruvchilar mavjud.
“Biz Markaziy Osiyo bozorini egallab, platformamizni yanada qulay va foydali dasturga aylantirishga harakat qilyapmiz. Yaqin kelajakdagi rejalarimizga dasturni har qanday hajmdagi bizneslar foydalanishi uchun maqbul va dastur samaradorligini yana ham oshiradigan funksiyalarni qo‘shish kiritilgan”, — dedi loyiha asoschisi Abrorbek Sharipov.
“AloqaVentures"ning mazkur platformani tanlashi loyihaning amalga oshirilmagan potensialining yuqori ekanligi bilan izohlanadi. Loyiha asoschisi Abrorbek Sharipov va uning jamoasi bizneslarning amaldagi va haqiqiy muammolariga yechim bo‘ladigan mahsulot yaratolishdi.
Abrorbek Sharipov “Jobster” startapini $18 ming miqdoridagi shaxsiy mablag‘lari bilan ishga tushirgan. Loyiha kompaniyalar uchun ishchilarni qidirib topish, ularning talab darajasiga muvofiqligini tekshirish kabi jarayonlarni optimallashtiradi.
Nomzodlar rezyumesini tekshirishda “machine-learning” texnologiyasi asosidagi algoritmlardan foydalaniladi. Sun’iy intellekt yordamidagi bu yechim qo‘lda qilinadigan ishlar hajmini kamaytiradi. Shuningdek, rekruting samaradorligini kuzatish hamda zaif jihatlarni aniqlashga yordam beruvchi tahlil vositalari mavjud.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida “IT Park” huzurida $10 mlnlik venchur jamg‘armasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.