Kelgusida o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga E-8 vizasi bo‘yicha ishlashga yuboriladi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Behzod Musayev Janubiy Koreya Adliya vazirligining immigratsiya departamenti rahbari Kim Jong Do boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga E-8 (mavsumiy) va E-7 (professional) vizalari asosida jo‘natish masalalarini muhokama qildi. Hozirda fuqarolar E-9 vizasi (noprofessional) olishlari mumkin.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi migratsiya jarayonlarini qonuniy va xavfsiz amalga oshirish hamda o‘zbekistonliklarning Koreyada noqonuniy ishlashiga chek qo‘yishga kelishildi.
Bundan tashqari, vazirlik Janubiy Koreyaning Ulsan shahar hokimi Kim Du Gyum bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Hokimlik fuqarolarga ishchi viza berish tizimini yo‘lga qo‘yib, mutaxassislarni shahardagi yirik sanoat obyektlariga ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda. Amalda viza Koreya Adliya vazirligi tomonidan berilardi.
O‘zbekistonda “Ulsan kasb-hunarga o‘qitish markazi” ochiladi. Fuqarolar uch oy davomida til kurslariga jalb qilinib, saralash natijalari asosida ularga Ulsan shahar hokimligi tomonidan viza beriladi.
Markaz mutaxassislarni Koreya standartlari asosida tayyorlaydi. Ishchilar dastlab “Hyundai"ga, keyinchalik esa boshqa kompaniya va konsernlarga ishga yuboriladi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Ulsan shahridagi ishlab chiqarish obyektlarida 50 mingga yaqin ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud. Loyiha ishga tushgach, O‘zbekistondan bu yerga dastlab yiliga 400 nafar, keyinchalik esa 5 ming nafar malakali mutaxassislar jalb qilinadi.
Uchrashuv yakunida vazirlik va Ulsan shahar hokimligi o‘rtasida “Malakali mutaxassislar tayyorlash va Ulsan shahrida bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi” imzolandi.
Avvalroq O‘zbekistonlik yuk tashuvchi va avtobus haydovchilari Slovakiyaga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Mamlakat 14 mingga yaqin professional haydovchilarga bo‘lgan ehtiyojni o‘zbekistonlik ishchilar hisobiga to‘ldirmoqchi.