30-avgust kuni O‘zbekistonda 2024−2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2024−2026 yillarda ustuvor DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar, 2024−2030 yillarda DXSh asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi tasdiqlandi.
Bunda yirik shaharlar o‘rtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1000 km pullik magistral avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish inobatga olinadi.
Jumladan, Toshkent-Samarqand yo‘lini qurish 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlanadi.
Yillik energiya yo‘qotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yilning 1-iyuliga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakunigacha xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalar imzolanadi.
Yiliga qo‘shimcha 30%gacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028-yilga qadar barcha ma’nan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshiriladi.
2028-yil yakunigacha har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalar jalb qilinadi. Bu toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini 87%ga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrovini 30%gacha oshirishi kutilmoqda.
Shuningdek, 400 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imiga ega maktab hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sig‘imiga ega bog‘chalarni tashkil qilish uchun 2026-yildan DXSh asosida har yili kamida 100ta maktab va 100ta bog‘cha qurilib, boshqariladi.
Hujjat bilan, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berish ham belgilanmoqda.
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pullik yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
Toshkent-Samarqand pullik yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni tashkil etadi. Xalqaro standartlarga javob beruvchi mazkur uzunlikdagi avtomobil yo‘li I-a texnik toifali, 6 tasmali “Avtomagistral” talablari asosida quriladi.
Yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi. Avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.
Bundan tashqari, 2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrdga baholangandi. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi kutilmoqda.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev joriy yilning iyun oyi oxirigacha bu pullik yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanishini ma’lum qilgandi.
Yangi pullik yo‘l Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 km bo‘lib, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil qiladi.
Avvalroq uy egasiga oldindan kompensatsiya to‘lamasdan uy-joyni buzish taqiqlanishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, turar joyning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, qayta qurish yoki buzish shaharsozlik qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.