O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda parom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Ozarbayjonning “Trend” nashri.
Xabardor manbaga ko‘ra, paromlar O‘zbekiston ehtiyojlari uchun beriladi. Loyihani moliyalashtirish hajmi $150 mlnni tashkil etadi.
Tomonlar, shuningdek, transport va tranzit sohasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha boshqa chora-tadbirlar ustida ishlamoqda.
Ular orasida ombor infratuzilmasini birgalikda qurish va Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab transportni rivojlantirish uchun qo‘shma korxona tashkil etish bor.
23-avgust kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev dengizda yuk tashish bo‘yicha hamkorlikni, ayniqsa, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi fonida taklif qildi.
Bundan tashqari, u to‘rtta “Aframax” tankerini xarid qilishini ma’lum qildi va Qora dengizda yuk tashish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini qayd etdi.
O‘tgan yilning avgust oyida transport vazirining sobiq o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov O‘zbekiston Boku portidagi ombor infratuzilmasiga kirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qilgandi.
2022-yilda Boku porti orqali yuk tashish hajmi 904 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 65%ga o‘sdi.
O‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish, Boku va uchinchi mamlakatlar portlarida omborlar va logistika markazlarini qurish imkoniyatlarini muhokama qilgan edi.
Avvalroq “Spot” “O‘zbekneftgaz” va Ozarbayjonning “SOCAR” neft-gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida yozgandi.