Avvalroq 2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, qiymati $2,2 mlrd bo‘lgan Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish jarayoni joriy yilning dekabridan boshlanishi ma’lum bo‘ldi.
Sentabr oyida eng yaxshi takliflarni tanlash bo‘yicha tender e’lon qilinib, dekabrda eng yaxshi takliflarni tanlash orqali pudratchi aniqlanadi. Shu bilan birga, yil yakunida shartnoma tuzilib, qurilish ishlari boshlanadi.
Mazkur yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab olib, 2028-yilning dekabrigacha qurilish yakuni bilan boshqaruv DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
O‘z navbatida, Toshkent va Andijon o‘rtasidagi $4,28 mlrdlik pullik avtomobil yo‘lining qurilishi 2026-yilning ikkinchi choragida boshlanadi. Joriy yilning oktabrigacha loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tadiqlash, kelasi yilning martigacha esa tenderning birinchi bosqichini o‘tkazish belgilanmoqda.
Tanlovning ikkinchi bosqichi 2025-yilning oktabrida o‘tkaziladi hamda g‘oliblar 2026-yilning aprelida e’lon qilinib, DXSh bitimi tuziladi. Yo‘l uzunligi 303 km.ni tashkil etadi hamda Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijonni bog‘laydi.
Hujjat bilan, 2027−2030-yillarda Samarqand va Buxoro o‘rtasida pullik avtomobil yo‘li qurilishi belgilanmoqda. Loyiha qiymati $1 mlrdni tashkil etadi.
Shuningdek, dastlabki qiymati $100 mlnni tashkil etuvchi “Taxtaqoracha” dovonida yangi pulli tonnel qurish va boshqarish loyihasini amalga oshirish belgilandi.
Joriy yil yakunigacha loyiha bo‘yicha istiqbolli strategik tashabbuskorlar bilan muzokaralar olib boriladi. 2025-yilning avgustida loyiha konsepsiyasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. 2026-yilning fevralida xususiy sherik tanlanib, dekabrda DXSh to‘g‘risida bitim imzolanadi.
Chirchiq shahrining yangi aylanma yo‘lini (4P5 va 4K755A avtomobil yo‘llarini bog‘lovchi) asfalt-beton qoplama bilan qurish topshirildi. Loyiha qiymati $60 mlnni tashkil etib, 2025-yilning to‘rtinchi choragigacha kelishuvga erishilishi kerak.
2028-yil oxirigacha Samarqand-Qarshi yo‘nalishidagi 4P 87 “A378 avtoyo‘li-Qarshi” avtomobil yo‘lining 3−52 km (49 km) qismi sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilinadi. Loyihaning dastlabki qiymati — $75 mln.
Bundan tashqari, hujjat bilan 2024−2026 yillarda Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan (jami 260 km) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘lini ekspluatatsiya qilish ham belgilangan. Loyiha qiymati aniqlanmoqda.
O‘zbekistonda pulli yo‘l
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pullik yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
Toshkent-Samarqand pullik yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni tashkil etadi. Xalqaro standartlarga javob beruvchi mazkur uzunlikdagi avtomobil yo‘li I-a texnik toifali, 6 tasmali “Avtomagistral” talablari asosida quriladi. Yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi. Avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.
Bundan tashqari, 2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrdga baholangandi. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi kutilmoqda.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev joriy yilning iyun oyi oxirigacha bu pullik yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanishini ma’lum qilgandi.
Yangi pullik yo‘l Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 km bo‘lib, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil qiladi.