Joriy yilda ham magistraturada o‘qiydigan xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab beriladi.
O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish belgilangan.
Bunda to‘lov-kontraktining to‘liq summasi budjet mablag‘lari hisobidan qaytarish shartisiz qoplanadi. Mazkur tartib davlat OTMlaridan tashqari, quyidagilar uchun ham tatbiq etiladi:
- Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi;
- Bosh prokuratura akademiyasi;
- Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
- Bank-moliya akademiyasi.
Shuningdek, bu tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt to‘lovlari uchun amal qilmaydi.
Buning uchun talabgorlar to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan o‘zlari ta’lim oladigan OTM rektori yoki filial direktori nomiga 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat etishlari kerak.
Bu sanadan kech qolganlarning kontrakti to‘lab berilmaydi. Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, ro‘yxat shakllantiriladi.
Talabgorlarga kontrakt pulini qoplab berish bo‘yicha joriy o‘quv yilining 15-oktabriga qadar tegishli OTM rektori (filial direktori) buyrug‘i qabul qilinadi.
2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga qabul jarayoni 1-iyuldan boshlanib, arizalar 30-iyulgacha qabul qilindi. Avgust oyi oxiriga kelib mandat e’lon qilindi.
Bu yil magistraturaga o‘qishga qabul qilish parametri bo‘yicha jami 17 500ta kvota belgilandi. Shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan magistraturaga kirishda chet tili sertifikati xorijiy tillar yo‘nalishida C1, gumanitar, matematika, huquq kabi sohalarda B2 darajasida bo‘lishi belgilangan.
Avvalroq super-kontrakt uchun onlayn arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi. Buning uchun abituriyentlar kontrakt.edu.uz saytidan ariza jo‘natishlari hamda shartnoma olishlari mumkin.