Avvalroq tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, eksport operatsiyalari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashda soliq to‘lovchilardan O‘zbekiston bojxona hududidan o‘tkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga jo‘natilganligini tasdiqlovchi belgisi qo‘yilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish talab etilmaydi.
Bojxona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi vositasida soliq organlariga tovarlar bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos bo‘ladi.
Asbob-uskunalar va butlovchi qismlar importiga oid kontraktda yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq etib belgilangan bo‘lsa, mazkur operatsiya bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati sifatida kontraktda ko‘rsatilgan yetkazib berish muddati e’tirof etiladi.
2025-yildan 2028-yilgacha umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50%ga kamaytiriladi.
Joriy yilning 1-oktabridan turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yildan umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga 2028-yilga qadar to‘langan QQSning bir qismini qaytarish tizimi joriy etiladi.
Bunda restoran va kafelar oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi 60%dan oshsa QQSning 40%i, 60%dan kam bo‘lganda esa QQSning 20%i qaytariladi.
Shuningdek, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchilarga QQSning 20%i har oyning 25 sanasigacha “keshbek” sifatida qaytarib boriladi.
Joriy yilning 1-noyabridan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy qilinadi. Reyestr barcha uchun ochiq holatda yuritiladi.
Kelasi yildan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib turishga faqatgina mazkur reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, 2025-yildan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfini aniqlash bo‘yicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi.
Ochiq muloqotda prezident umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalarning eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanligini qayd etgandi.