Surxondaryo viloyatida Sariosiyo tumanidagi To‘polang daryosida qurilgan $3,3 mlnlik yangi “Zarchob-1A” kichik GESi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi GES quvvati 3 MVtga teng bo‘lib, yiliga o‘rtacha 13,3 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Ushbu kichik GESni ishga tushirish orqali To‘polang daryosi suvdan samarali va oqilona foydalangan holda, to‘rtinchi marotaba daryo suvi gidroagregatlar orqali o‘tkazilib, elektr energiya ishlab chiqariladi.

Yangi GES prezidentning 2024-yil 12-iyuldagi “Gidroenergetika kompleksini isloh qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq foydalanishga topshirildi.

GESni qurilish ishlari “Gidro Texnik” tomonidan bajarilib, unda Frensis turidagi vertikal 1ta gidroagregat o‘rnatilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Zarchob-1A” kichik GES tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya 4750ta xonadonni taʼminlaydi.


Avvalroq “Spot” Qambarota GES-1 qurilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuv imzolangani haqida yozgandi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston loyihada suv-energetika resurslaridan foydalanishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini ishlab chiqadi.