Joriy yil oxirigacha Toshkent xalqaro aeroportida bortga chiqish elektron talonlarini joriy etish rejalashtirilgan. Bu haqda 31-avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Unga ko‘ra, hozirda aviakompaniya saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tayotgan yo‘lovchilar samolyotga chiqish talonlarini qog‘oz ko‘rinishida olishga majbur bo‘lmoqda.
“Joriy yil oxiriga qadar biz yangi tizimni ishlab chiqamiz. Yo‘lovchi uyda reysga onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi, shundan so‘ng qog‘oz talonga ehtiyoj qolmaydi. Telefondagi QR-kodni ko‘rsatgan holda pasport, bojxona va chegara nazorati punktlaridan o‘tish mumkin bo‘ladi”, — dedi u.
Bundan tashqari, Umarxodjaev poytaxt aeroportida yuklarni qabul qilish bilan bog‘liq muammolarni tan oldi va buni yuk karusellari yo‘qligi bilan izohladi.
Shu tariqa, “Uzbekistan Airports” yangi yuk karusellarini xarid qilish bo‘yicha tenderlar o‘tkazmoqda.
“Yil oxirigacha biz ikkita qo‘shimcha yuk karuseli olib kelamiz va o‘rnatamiz, bu esa bagajni qabul qilish vaqtini 20%ga qisqartiradi”, — dedi u.
Joriy yilning sentabr oyida boshlanadigan rekonstruksiyaning yakuniy bosqichida uchib kelish va uchib ketish zallari bitta terminal majmuasiga birlashtirilib, uning maydoni 105 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.
Bu aeroport terminalining yo‘lovchilarni o‘tkazish qobiliyatini hozirgi soatiga 1200 yo‘lovchidan 2400tagacha oshiradi.