2024/2025-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar hamda tahsil olayotgan talabalar uchun kontrakt to‘lovlari muddatlari belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, belgilangan to‘lov miqdorining kamida 25%i talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 2024-yilning 15-sentabrigacha yoki O‘zbekiston ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha amalga oshirilishi kerak.
Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun 1-oktabrgacha yoki oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha blegilandi.
Shuningdek, to‘lov miqdorining kamida 50%ini 2025-yilning 1-yanvarigacha, 75%ini — 1-martgacha hamda 100%ini 1-maygacha yoki OTM rektori (direktori) tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha to‘lash zarur.
Bunda, mazkur tartib moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalari uchun tavsiyaviy xarakterga ega ekanligi qayd etilgan.
Iyul oyi oxirida 2024/2025-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi. Kontrakt miqdori o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 15%ga oshgan.
Eng qulay yo‘nalishlar uchun narx 6,41 mln so‘mdan 7,4 mln so‘mga oshdi. Eng “qimmat” sohalarda o‘qitish qiymati 9,8 mln so‘mdan 11,25 mln so‘mga oshgan. To‘lov-kontrakt miqdorlari bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Avgust oyida to‘lov-shartnomasini olish uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi. Arizalarni kontrakt.edu.uz tizimi hamda mobil ilova orqali jo‘natish mumkin.
Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining minimal miqdori tasdiqlandi. O‘tish baliga 4,05 balldan ortiq yetmagan, 56,7 balldan kam to‘plamagan abituriyentlar uchun tatbiq etiladi.
Endi qabul jarayonida ikkinchi-beshinchi yo‘nalishga grant yoki kontrakt asosida kirgan talabalar o‘z xohishlari bilan ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishlari mumkin. O‘qishga kira olmagan abituriyentlar ham super-kontrakt asosida qabul qilinadi.