Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Baliqchi tumanlari hamda Andijon va Jizzax shaharlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘om tumanlari bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Ushbu hududlardagi “F.Z.” fermer xo‘jaligi rahbari G.X. hamda YATT E.N. elektr suv nasoslarini tijorat maqsadida tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlandi.

Buning natijasida jami 217,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi Departamentning Andijon shahri va Baliqchi tumanlari bo‘limlari tomonidan ham tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Tekshiruvda aniqlanishicha, fuqaro X.K. va “S.V.” MCHJ mas’ul shaxslari tijorat maqsadida o‘zlariga tegishli savdo do‘konlarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan.

Buning natijasida jami 214,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Jizzax shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro B.B. yashash xonadonida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga ulanib olgani aniqlangan.

Fuqaro ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelib, jami 151,8 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Toshkent viloyatida qariyb 215 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlangani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, fuqaro ishlab chiqarish sexidagi eritish qozonlarini o‘rta bosimli aholi gaz tarmog‘iga qo‘lbola gaz so‘rg‘ich moslamasi yordamida yashirincha ulanib olgan.