Ayrim korxonalarga mol-mulk va foyda solig‘idan 50%gacha imtiyoz beriladi. Bu haqda 5-sentabr kuni prezident raisligidagi elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Mamlakat elektrotexnika eksportining to‘rtdan birini mis sim va prutok kabi qo‘shilgan qiymati past tovarlar tashkil qilayotgani qayd etildi. Kabellarning 80%i qurilish va maishiy maqsadlarda ishlatilayapti. Avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan kabellar ishlab chiqaruvchi korxonalar 4tani tashkil qiladi.
Shu munosabat bilan bundan buyon elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yo‘nalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi.
Buning uchun Ohangaron, Farg‘ona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi.
Mutasaddilarga aniq loyihalar uchun tayyor binoni qurib, sanoat ipotekasi shartlarida tadbirkorlarga berish topshirildi. Ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi mol-mulk va foyda Joriy yilda chuqur qayta ishlangan mis mahsulotlari ulushini 60%ga, kelgusi yilda 75%ga olib chiqish, 1 tonna misdan qo‘shilgan qiymatni $1 mingga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.
Energetika sohasida $36 mlrdlik 27 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti. Keyingi uch yilda suv inshooti, magistral tarmoq va taqsimlash nuqtalariga 4 150ta suv hisoblagich o‘rnatish, 2026-yilgacha 243ta gaz taqsimlash punktlarini yangilash vazifasi turibdi.
Yiliga qurilayotgan 100 mingta xonadonli ko‘p qavatli uy-joy hamda 13 mln kvadrat noturar binolar uchun ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari, elektr va gaz hisoblagichlari kerak. Avtomobil sanoatida har yili $200 mlndan ortiq elektrotexnika mahsuloti import qilinmoqda.
Mazkur tarmoqlarning barchasi davlatdan imtiyoz va arzon mablag‘lar olayotganiga e’tibor qaratib, prezident mutasaddilarning “mahalliy mahsulotlar bizni talabga javob bermaydi, import qilishga majburman” degan bahonasi endilikda o‘tmasligini qayd etdi.
Davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, energetikadagi xususiy sherikchilik loyihalarida mahalliy tovarlar ulushini 25%ga, kabel-o‘tkazgichlarda esa 70%ga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Boshqa tarmoqlarda ham shunday shartlarni kelishib olish topshirildi.
Bunda, “Uzeltexsanoat” uyushmasi, viloyat hokimlari buyurtmalarni korxonalarga joylashtiradi, tegishli tarmoqlar rahbarlari esa mahalliy korxonalarga o‘z talablarini yetkazib, ularni standartlarga moslashtirish va sertifikat olishida ko‘maklashadi. Joriy yilda elektrotexnika sohasida ishlab chiqarishni 40 trln so‘mga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida elektrotexnika tarmog‘iga oid masalalar o‘z yechimini topgani, tarmoq faktoringdan eng ko‘p foydalanishi qayd etildi. Yil yakunigacha sohaga kamida $30 mlnlik faktoring uchun resurs jalb qilinadi.
Hozirda tashqi qarz hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda chetdan kirayotgan tovarlar bojxona boji va QQSdan ozod qilingan. Lekin bu loyihalarda qatnashayotgan mamlakat korxonalari QQS to‘layotgani oqibatida import tovarlar bilan narx bo‘yicha raqobat qila olmagani uchun bunday loyihalardagi ishtiroki cheklangani ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga yetkazib berilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQS qaytarib beriladi.
Tarmoq korxonalariga yagona talab — sifat, tannarx va raqobat. Buning uchun ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy qilinishi va sertifikat mavjud bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
May oyida elektrotexnika mahsulotlarining eng kam eksport narxlarini belgilash bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlangandi.