Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari so‘nggi yetti yilda sohaga $1 mlrd investitsiya kiritilganini ta’kidladi. Natijada 762ta yangi korxona ishga tushirilib, 45 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ishlab chiqarish hajmi 1,8 baravarga o‘sdi, yillik daromadi 100 mlrd so‘mdan oshgan korxonalar 6tadan 25taga ko‘paydi. Tarmoqdagi korxonalar hisobidan budjetga tushum 8 barobar oshdi. Mahsulotlar eksport bo‘layotgan davlatlar so‘nggi uch yilda 2 karra oshib, 62taga yetdi.
Prezident elektrotexnika eksporti $1 mlrdga yetganini, to‘qimachilikdan keyingi ikkinchi mahalliy sanoat tarmog‘iga aylanganini ta’kidladi.
Lekin, shu bilan birga smart-karta, generator, telekommunikatsiya vositasi, ofis texnikasi kabi elektrotexnika mahsulotlarini mamlakatda chiqarish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi. Mintaqadagi $5 mlrdlik bozor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi.
Prezident hamma davlatlar ichki bozorining himoyasiga qattiq kirishgan sharoitda yagona yo‘l — sifatni ta’minlash va tannarxni tushirish orqali mahsulot raqobatdoshligini oshirish ekanini ta’kidladi. Bunga tarmoqdagi qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish orqali erishish mumkin.
Avvalroq eksportchilar uchun QQSni qaytarish jarayonini soddalashtirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, xorijdan uskuna va butlovchi qism olib kelishda muddati o‘tgan qarzdorlikni hisoblash talablari yengillashtiriladi.