Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlardan yana biri — davlat tibbiy sug‘urtasi. Bu borada muayyan ishlar boshlangan va tayyorgarlik ko‘rilgan.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini shu yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etish taklif etilmoqda.
Buning uchun 2024-yil yakuniga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari joriy qilinadi. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish bo‘yicha o‘qitiladi. Muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlanadi.
Bu tizimning ahamiyati shundaki, tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq qilinadi. Sug‘urta doirasida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini boshqa hududlarda 2026-yil yakuniga qadar joriy etish rejalashtirilgan.
Joriy yil yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.
Unda davlat rahbari Sog‘liqni saqlash loyihalari markazini tashkil etish taklifini bildirgandi. U sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, DXSh loyihalarini tezlashtirish hamda farmatsevtika sohasini isloh qilishga ko‘maklashadi.
Iyul oyida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov joriy yilda elektron retseptlarga o‘tishni ma’lum qilgan edi.
Tizim bemorlarga keraksiz dori-darmonlar yozilishining oldini olish, shuningdek, farmatsevtika mahsulotlari kontrabandasiga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan.