Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yaxshilash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim tizimida qamrov darajasi 27%dan 74,6%ga ko‘tarildi. Kelgusi besh yilda buni 80%ga yetkazish maqsad qilingan. Taqdimotda maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallar hamma bog‘chalarda ham to‘liq emasligi, nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanayotgani qayd etildi. Endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi saytida joylashtirilishi hamda undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda.
Xorij tajribasida bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiya yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi"ni yuritish vazifasi qo‘yilmoqda.
Sohada malaka oshirish muddati besh yilda bir marta ekanligidan kelib chiqib, malaka kurslari oralig‘ida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Bu yo‘nalishdagi oliy ta’limda dual ta’lim shaklini ochish, sirtqi va kechki o‘quvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari uchun alohida menejerlik dasturlari, pedadgoglar uchun o‘z hududida malaka oshirish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Davlat bog‘chalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qog‘oz shaklida to‘ldiriladi. Ularda biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qo‘llagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qo‘yilmoqda.
“Prezidentimiz chekka hududlarda qamrovni kengaytirish, klaster tizimini tashkil etish, maktablar hamda oliy ta’lim muassasalarida ham maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etishni belgilab berdi. 3 yoshdan 5 yoshgacha, 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan yoshlarimizning ijtimoiy moslashuvchanligini, ma’naviy idroki hamda maktabga tayyorlov guruhlarida 21-asr ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, xalqaro metodikalarni joriy qilish va boshlang‘ich sinf bilan integratsiya qilish belgilandi”, — dedi Hilola Umarova.
Mamlakatning 208ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv tizim yaratish hamda har bir hududda tayanch bog‘cha tashkil etish belgilanmoqda. Mazkur 208ta tayanch maktabda mentor-trenerlar tayyorlanib, chekka hududlarda mobil malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Iyul oyi boshida Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatilib, uning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgandi.