“Yangi Toshkent” hududida yangi xalqaro aeroport quriladi. Bu haqda Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 31-avgust kuni “Spot” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Barchasi reja asosida. Hozircha hech kim hech narsa boshlamagan. Tez orada — prezident ma’qullagach boshlanadi. Avval investor topishimiz va u bilan hamma narsani kelishib olishimiz kerak. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida [amalga oshiriladi]”, — dedi u.
Transport vaziri o‘rinbosarining qayd etishicha, vaqt o‘tishi bilan yangi operatorlarni jalb qilish, xususiy investitsiyalar va yangi yer uchastkalarini o‘zlashtirish bilan o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Yangi aeroport qurilgach, moslashish va sinovdan o‘tkazish davri boshlanadi, bu esa taxminan 2−3 yil davom etadi.
Choriyev o‘sib borayotgan yo‘lovchilar oqimi va talablarni qondirish uchun mavjud aeroportni doimiy ravishda kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Yangi aeroport foydalanishga topshirilgunga qadar mavjudiga investitsiya kiritish, jumladan, perronlar, avtoturargohlar va aerovokzalni kengaytirish davom etadi.
“Biz [yangi aeroport] qurganimizdagina investitsiyalarni to‘xtatamiz. Keyin moslashuv davri boshlanadi. Men investitsiya kiritish va kengaytirishni to‘xtatishni aytgan bo‘lardim. Agar biz [mavjud aeroportni] kengaytirmasak, yomon ahvolga kelib qoladi”, — dedi Jasurbek Choriyev.
Agar 2030-yilgacha yangi aeroport qurilsa, hech bo‘lmaganda 2028−2029-yillarga qadar mavjud aeroportni rivojlantirish va unga sarmoya kiritish kerak, deya qo‘shimcha qildi u. Moslashish davrida yangi aeroportga o‘tish munosabati bilan mavjud aeroportga investitsiyalar to‘xtatiladi.
Prezidentning 31-avgustdagi qarori bilan Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligiga sentabr oyida yangi aeroport qurish va boshqaruvini topshirish bo‘yicha strategik tashabbuskorlar bilan muzokaralar o‘tkazish topshirilgan.
Loyihaning dastlabki qiymati $1,5 mlrdni tashkil etib, 2025-yilda loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, xususiy sherikni tanlash rejalashtirilgan. 2026-yilning dekabrigacha esa DXSh bitimini imzolash belgilangan.
“Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi Toshkent” bosh rejasiga muvofiq, hududda aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Iyun oyida hukumat qarori bilan egizak minoralar, ikkita universitet kampusi, davlat idoralari va qirg‘oq joylashgan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlangandi.
Avvalroq Toshkent aeroportida 2200 kvadrat metr maydonga ega ochiq terrasa paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, ochiq terrasa uchib ketish terminalining ikkinchi qavatida shaharga qaraydigan qismida joylashadi.