2025-yilda Sankt-Peterburgda migrantlar uchun mehnat patenti narxi qimmatlashishi mumkin. Bu haqda “forpost-sz” nashri xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yil uchun Sankt-Peterburgda mehnat bozorining hududiy xususiyatlarini aks ettiruvchi koeffitsiyentni belgilash to‘g‘risidagi qonuni tasdiqlanishi mumkin.

Shunday qilib, chet el fuqarolari uchun patentning narxi hisoblangan koeffitsiyent 2,083334ga teng bo‘ladi. Hozirda u 1,597223ni tashkil qiladi.

Ushbu ko‘rsatkich chet el fuqarolari Rossiyada ishlash uchun oladigan patent narxini hisoblashda ishlatiladi. Ishga ruxsatnomaning narxi mintaqaga bog‘liq bo‘lib, 2024-yilda Sankt-Peterburgda u 4,6 ming rublni tashkil qiladi.

Koeffitsiyentning o‘sishini hisobga olgan holda, kelgusi yilda patent narxi 6 ming rublga yetishi mumkin.

Migrantlar uchun mehnat patentining narxi uchta parametrni hisobga olgan holda hisoblab chiqiladi: belgilangan avans to‘lovi miqdori (1200 rubl), Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tomonidan belgilanadigan deflyator koeffitsienti (2,4) va mintaqaviy koeffitsient.

O‘zbekiston, Ozarbayjon, Tojikiston va Moldovadan kelgan chet el fuqarolari mehnat patentini olishlari shart.

“Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy maqomi to‘g‘risida” Federal qonuniga muvofiq, Rossiyada ishlashga ruxsat beruvchi hujjat bir oydan o‘n ikki oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.

U bir oy muddatga uzaytirilishi mumkin, ammo patentning umumiy amal qilish muddati 12 oydan oshmasligi kerak.


2023-yil avgust oyida Rossiyada chet ellik ishchilar uchun patent qiymati bo‘yicha qat’iy belgilangan avans miqdorini to‘rt barobar oshirish taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, mehnat muhojirlari uchun patent narxini to‘rt barobar oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Davlat Dumasiga Sergey Mironov boshchiligidagi “Adolatli Rossiya” fraksiyasi deputatlari tomonidan kiritilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, chet el fuqarolarining Rossiyada mehnat faoliyati davomida to‘laydigan belgilangan avans to‘lovlari miqdori 4800 rublgacha oshiriladi.

Ayni paytda belgilangan avans to‘lovlari miqdori 1200 rublni, deflyator koeffitsiyentini hisobga olgan holda 2724 rublni tashkil etadi.