Avvalroq prezident maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yaxshilash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda iqtidorli yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda bu borada tayyorgarlik va rag‘bat tizimi o‘zgardi. 2022-yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 45ta medal olgan bo‘lsa, bu yil 113taga yetdi.
Mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28taga oshiriladi. Hozirda 22ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda.
Respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari hamda sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.
Ularni puxta tayyorlab, natijadorlikni oshirish uchun xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini 5−8-sinflardan boshlab saralab olish yo‘lga qo‘yiladi.
Har bir fan bo‘yicha o‘quv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalar va qo‘llanmalar takomillashtirilib, o‘quvchi va murabbiylarga yetkaziladi. Terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi.
Avvalroq prezident qarori bilan 400 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imiga ega maktab hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sig‘imiga ega bog‘chalarni tashkil qilish uchun 2026-yildan DXSh asosida har yili kamida 100ta maktab va 100ta bog‘cha qurilib, boshqarilishi ma’lum qilingandi.