Super-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha tartiblar belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat komissiyasi bayoniga ko‘ra, kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha tanlovda ikkinchi-beshinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan birida grant yoki kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘z xohishlariga ko‘ra, ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishga ruxsat berildi.
Bunda abituriyent to‘plagan bali birinchi ta’lim yo‘nalishida to‘lov-kontrakt asosidagi o‘tish balidan past bo‘lishi lozim. Kontrakt summasini hisoblash super-kontrakt qiymatining minimal miqdorlari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, tanlagan barcha yo‘nalishlarga o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan yo‘nalishlaridan birida super-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin.
Bunda, OTMlar tanlov bo‘yicha birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida e’lon qilingan test sinovlari natijalariga ko‘ra, abituriyentlarning to‘plagan balini asos qilib, ularning arizalariga muvofiq talabalikka qabul qiladi. Talabgorlarning to‘plagan ballari qat’iy ketma-ketligiga rioya etiladi.
Super-kontraktning bir yillik o‘qitish qiymatidan kamida 50%i miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirgan abituriyentlar talabalar safiga qabul qilinadi. Super-kontraktni 15-oktabrga 100% to‘laganlarga 10% chegirma beriladi.
Avvalroq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining minimal miqdori tasdiqlangandi.O‘tish baliga 4,05 balldan ortiq yetmagan, 56,7 balldan kam to‘plamagan abituriyentlar birinchi o‘quv yili uchun bazaviy kontrakt miqdorlariga nisbatan super-kontrakt qiymatini to‘lagan holda o‘qishlari mumkin.
Undan keyin super-kontrakt uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi. Abituriyentlar kontrakt.edu.uz saytidan ariza jo‘natishlari hamda shartnoma olishlari mumkin.