O‘zbekistonda “Toncoin” kriptovalyutasi savdosi rasman yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “UzNEX” mahalliy kriptobirjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Payshanba kuni “Kobea Group"ga tegishli bo‘lgan “UzNEX” yangi 2.0 platformasini ishga tushirdi va “Toncoin” tangasini listingga chiqardi.
Hozirda kriptovalyuta (TON) 58−60 ming so‘m ($4,7) oralig‘ida sotilmoqda. Savdo platformasida jami 15ta tanga, jumladan “Bitcoin” (BTC) mavjud.
Bu hafta davomida so‘mni yechib olish faollashtiriladi. Keyingi haftada esa kriptobirja “Toncoin"da depozit va pul yechib olishni faollashtirishni rejalashtirmoqda.
Uzluksiz xizmat ko‘rsatish va xavfsizlik uchun kriptoaktivlarni olib qo‘yish keyingi haftadan boshlab ketma-ket amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, hozirda almashinuv faqat shaxsiy kompyuterda mavjud, mobil ilova ishlab chiqilmoqda.
Iyun oyi oxirida Qozog‘iston Moliyaviy xizmatlarni tartibga solish qo‘mitasi “Toncoin” raqamli aktivini litsenziyalangan platformalarda savdo uchun tasdiqladi. Qaror e’lon qilinishi “Telegram” asoschisi Pavel Durovning mamlakatga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
So‘nggi haftalarda Durovning Fransiyada hibsga olinishi ortidan “Toncoin” narxi keskin tushib ketdi. Dastlabki soatda kriptovalyuta kursi 10%dan ko‘proqqa tushdi va shundan keyin pasayish davom etdi.
Avvalroq “Hamster Kombat” jamoasi listing sanasini e’lon qilgandi. “HMSTR” tokenini generatsiya qilish jarayoni 26-sentabrda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.