Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Prezident maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozor hisobidan rivojlanib kelayotganini qayd etdi. O‘tgan yili ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70%i ichki bozorda sotilgan.
Tashqi bozorlarda tarif va notarif to‘siqlar ko‘pligi bor gap, lekin eksport bozorlarida yirik uzelli yig‘ish asosida ishlab chiqarish qilib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkin.
Endilikda qo‘shni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylantirish kerakligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga qo‘shni bozorlarda milliy brendlar ostida kamida 15tadan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlarga yirik korxonalar bilan cheklanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan ishlashni o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois “O‘zeltexsanoat” uyushmasining faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, uyushmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni aniqlash;
- ular bo‘yicha loyiha qilib, tadbirkorlarga berish;
- sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, tadbirkorlarga joriy qilish;
- sertifikat olishda ko‘maklashish.
Shuningdek, uyushma injener-texnolog va o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma berib, ularning dasturlarini birgalikda ishlab chiqadi. Mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilg‘or kompaniyalarga stajirovkaga jo‘natadi.
Prezident “O‘zeltexsanoat” uyushmasining unga yangi a’zo bo‘lganlardan 2 yil, aylanmasi 10 mlrd so‘mdan kam korxonalardan esa umuman badal olmaslik, ularning mahsulotlarini “Eltex Lab” laboratoriyasida bepul sinovdan o‘tkazish bo‘yicha takliflarni qo‘llab quvvatladi.
Elektrotexnika loyihalari uchun xorijdan $200 mln resurs jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Bu yil 85ta loyiha doirasida sim-karta, to‘lov kartasi, keng turdagi maishiy texnika, transformator, televizor, quyosh paneli va yoritish uskunalari, elektr skuterlar uchun akkumulator, litiy batareyasi, lazer bilan kesish uskunalarini ishlab chiqarishni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari soha vakillari va tadbirkorlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi. Muloqotda sanoat elektrotexnika mahsulotlarini lizing asosida sotish tizimini joriy etish, yillik eksporti $50 mlndan ko‘p korxonalarga aylanma mablag‘ uchun beriladigan kredit miqdorini oshirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, foyda solig‘ini hisoblashda korxonalarning ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflagan xarajatini chegirish tizimini takomillashtirish, avtomobil akkumulatori chiqindisini utilizatsiya qilish tizimini joriy etish tashabbusi ilgari surildi.
Yangi loyihalarni amalga oshirishda uskuna sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘ning bir qismini foyda solig‘i bazasidan chegirish kabi taklif va tashabbuslar bildirildi. Davlat rahbari tegishli vazirlik va idoralarga aytilgan fikr va masalalarni puxta o‘rganib, tegishli hujjatlar loyihalarini kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq elektrotexnika mahsulotlari eksporti $1 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi.