Markaziy bank maxsus stipendiya tanlovini e’lon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Unda iqtisodiyot, bank ishi, buxgalteriya hisobi, moliya va IT-yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi ta’lim muassasalarida bakalavriaturaning kunduzgi bo‘limi so‘nggi bosqichida hamda magistraturada ta’lim olayotgan talabalar ishtirok etishlari mumkin:
- Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
- Toshkentdagi INHA universiteti;
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti;
- M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filiali;
- Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MGIMO) Toshkentdagi filiali;
- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
- “IT Park” universiteti;
- Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti.
2024/2025-o‘quv yili uchun Markaziy bank stipendiyasi 2024-yilning oktabr oyidan tayinlanadi hamda stipendiya miqdori BHMning 3 baravari — 1 mln 20 ming so‘m (1-oktabrdan 1 mln 125 ming so‘m)ni tashkil etadi.
G‘olib bo‘lgan talabalar Markaziy bankning tegishli tarkibiy bo‘linmalarida har kunlik amaliy malaka o‘taydilar. Amaliyot vaqti kuniga 3 soatni, haftada esa 15 soatni tashkil etadi.
Nomzodlar so‘nggi o‘quv yili natijalariga ko‘ra yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi (86%dan yuqori), davlat tilini mukammal hamda xorijiy tillarni kamida B2 darajasida (rus va ingliz) bilishlari kerak
Shuningdek, quyidagicha qo‘shimcha ustunlik beriladi:
- ACCA va boshqa xalqaro sertifikatlar;
- BigData dasturlarida ishlay olishi;
- IELTS 7 darajasi;
- sohaga oid xalqaro yoki respublika olimpiadasi g‘olibi va sovrindorlari.
Talabgorlar ma’lumotnoma, pasport hamda reyting daftarchasidan nusxalarni taqdim qilishlari kerak.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar talabalari uchun o‘rnatilgan tartibda fanlarni o‘zlashtirish bali to‘g‘risida ma’lumotnoma talab qilinadi.
Agar mavjud bo‘lsa chet tili sertifikati, ilmiy ishlanmalar, tezislar va chop etilgan maqolalarni ilova qilish mumkin. Zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalari talab etiladi.
Barcha talab etilgan hujjatlar universitet tomonidan biriktirilgan koordinator orqali joriy yilning 13-sentabrigacha taqdim etilishi lozim.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 212−6037, 212−6091 telefon raqamlari orqali olish imkoniyati mavjud.
Avvalroq “Milliy turizm brendi"ga logotip va shior yaratish bo‘yicha tanlovga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.