Ohangaron shahri va Namangan tumanida elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departament ning Ohangaron shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda fuqaro F.J. “Birlik” MFY hududidagi xonadonda qog‘oz hamda plastmassa buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelib, elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 290,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Namangan tuman bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda aniqlanishicha, “Ibrat” MFY hududidagi noturar qurilish obyektida fuqarolar D.A. va A.A. elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, kompyuter xizmati ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yib olgan.

Buning natijasida esa jami 138,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” uchta hududda 581 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Samarqand, Andijon va Jizzax tumanlarida fuqarolar elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olganligi aniqlandi.