Tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning fikricha, O‘zbekistonda xonadonlar yetishmovchiligi mavjud, shuning uchun ham ular yana uzoq vaqt qimmatligicha qoladi.
Uy-joy bozori hozirda qiyin vaziyatni boshdan kechirmoqda — o‘tgan yilga nisbatan sotuvlar kamaydi, narxlarning o‘sishi ham sekinlashdi. Biroq, bularning barchasi vaqtinchalik, chunki uy-joyga bo‘lgan talab avvalgidek yuqoriligicha qolmoqda.
“Masalan, Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda yangi turmush qurganlar soni yangi xonadonlar sonidan 3,5 baravar ko‘p bo‘lgan. Oddiy qilib aytganda, ko‘plab yangi oilalar paydo bo‘ldi, ularga alohida uy-joy kerak” — deydi tahlilchi.
BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015−2025-yillarda O‘zbekistonda har yili 150 mingta yangi xonadon qo‘shilishi kerak edi. Biroq, amalda 2015−2023 yillarda ularning soni ancha kam bo‘ldi — yiliga o‘rtacha 91,2 mingta. Shu sabab ham aholi o‘sishi va uy-joylar soni o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keldi.
Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,1 mlnni tashkil etdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa 2029-yilga kelib bu ko‘rsatkich 41 mlnga yetishini prognoz qilmoqda.
Elmuradov uy-joyga bo‘lgan talab o‘sishda davom etishini va u bilan birga narxlar ham ko‘tarilishini qayd etdi. Ba’zida bu 2022−2023-yillardagidek juda tez, ba’zida esa 2024-yildagi kabi sekin sodir bo‘ladi.
Xonadonlar narxining doimiy ravishda oshib borishining yana bir sababi ular ko‘pincha yashash uchun emas, balki pulni “saqlab qo‘yish” maqsadida sotib olinishida ekanligi ta’kidlangan.
“Bu yaxshi holat emas, chunki „pufak“ paydo bo‘lmoqda — xonadonlar o‘zi kam-u, sotuvga qo‘yilayotganlari esa undan ham kamroq. Boshqa tomondan, O‘zbekistonda odamlar katta mablag‘larini yana qayerga joylashtirishlari mumkin? Tanlov unchalik ko‘p emas”, — dedi Timurmalik Elmuradov.
Shu sabab ham, tahlilchi, uy-joy pulni tejash yoki daromad topishning usuliga aylanganiga ajablanmaslik kerakligini, bu hamma joyda, hatto ipotekada ham ko‘zga tashlanayotganini qayd etdi.
Masalan, 2017-yilda ipoteka kreditiga ikki marta va undan ortiq uy olganlarning ulushi 3,7%ni tashkil etgan. Yetti yildan so‘ng, bu ko‘rsatkich 6,5%gacha ko‘tarildi.
Shu sabab ham 1-maydan budjet mablag‘lari hisobidan ipoteka faqat undan ilgari foydalanmaganlarga taqdim etiladi. Timurmalik Elmuradovning ta’kidlashicha, bu orqali davlat qayta sotish uchun emas, balki o‘zi yashashi uchun uy-joyga muhtoj bo‘lganlarni ko‘proq qamrab olishni maqsad qilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1 kvadrat metr uy-joy narxining o‘rtacha oylik ish haqiga nisbati mamlakatning 13ta viloyatida qimmatlashgan. Biroq, Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich pasaydi. Masalan, poytaxtda 1 kvadrat metr uy-joylarning o‘rtacha narxi 15,6 mln so‘mni tashkil etdi.
Avvalro “Spot” mutaxassislar bilan ipoteka kreditlarini subsidiyalash dasturining ko‘chmas mulk bozoriga ta’siri, uning imkoniyatlari va kamchiliklari haqida suhbatlashgandi.