Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tomonidan davlat-xususiy sheriklikni 2030-yilgacha rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Davlat-xususiy sheriklik loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etilishi belgilandi.
Loyiha ofisi Davlat-xususiy sheriklik jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish hamda loyihalarga konsultantlarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi, doimiy roud-shou, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil qilib boradi. Shuningdek, ofis mahalliy kontentni ko‘paytirish va loyihalarni milliy valyutada moliyalashtirishni kengaytirish bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqadi.
2024-yil yakunigacha Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan DXSh loyihalarining elektron platformasi ishlab chiqiladi. Unga tegishli vazirlik, idoralar va davlat ulushiga ega kompaniyalar tizimlari integratsiya qilinadi.
Bundan tashqari, yil yakunigacha mamlakatdagi samarasiz foydalanib kelinayotgan yirik shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlari (shu jumladan, madaniyat saroylari, stadionlar, konsert zallari, istirohat bog‘lari) xatlovdan o‘tkazilib, xususiy sektorga DXSh asosida berish bo‘yicha takliflar hukumatga kiritiladi.
Takliflarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat, Sport vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda ishlab chiqish topshirildi.
Qarorda kommunal tarmoqlarni xususiy operatorlar boshqaruviga o‘tkazish belgilangan. Masalan, ular qatorida Samarqand viloyatidagi elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga o‘tkazish loyihasi bor.
Viloyatda elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha tender g‘oliblarini 2025-yil oxirigacha, gaz bo‘yicha esa, 2026-yilning yakunigacha aniqlash topshirilgan.
Shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini boshqarishga xususiy tadbirkorlarni jalb etish ko‘zda tutilgan. Bu sohadagi ustuvor vazifalar quyidagilardan iborat:
- Namangan oqova suv inshootlarini modernizatsiya qilish (dastlabki qiymati — $96 mln);
- Buxoro issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga berish ($122 mln);
- Surxondaryoning ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ($1,1 mlrd);
- Dang‘ara, Buvayda, Kosonsoy, Zomin, Baxmal, Kogon tumanlari ichimlik va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish ($100 mln);
Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan yirik nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Bunda 2026-yil yakunigacha qiymati $300 mlnlik nasos stansiyalarini qurish va boshqarish bo‘yicha tender o‘tkazib, kelishuvga erishish belgilangan.
2025-yilning ikkinchi choragi yakunigacha OTB ishtirokida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 14 ming o‘ringa mo‘ljallangan qiymati $97 mlnlik 13ta maktab qurish bo‘yicha tender o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xususiy tashabbuskorlar bilan 2026-yilning birinchi choragi yakunigacha $570 mlnlik 66 ming o‘rinli maktab qurish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilishi kerak.
Sog‘liqni saqlash sohasida Farg‘ona viloyatida $306 mlnga 800 o‘rinli shifoxona qurish, shu bilan birga, Buxoro va Andijonda ham $250 mlnlik ko‘p tarmoqli shifoxonalarni tashkil etish belgilandi.
Mazkur hujjat bilan, 2027−2030-yillarda Samarqand va Buxoro o‘rtasida pullik avtomobil yo‘li quriladi. Loyiha qiymati $1 mlrdni tashkil etadi.
Avvalroq Jasurbek Choriyev “Yangi Toshkent"da xalqaro aeroport qurilishi haqida “Spot"ga so‘zlab bergandi. Uning qayd etishicha, yangi aeroport qurilgach, mavjud aeroportga investitsiyalarni kiritish to‘xtatiladi. Shuningdek, u Buxoro viloyatida quriladigan yangi aeroport narxini tushuntirib berdi.