Sandro Rtveladze Vengriyaning “OTP Group” bank guruhi tarkibiga kiruvchi “Ipoteka-bank"ning yangi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda moliya tashkiloti matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
“Sandro Rtveladzening tayinlanishi bank tarixida innovatsiyalar va o‘sishga yo‘naltirilgan yangi sahifaning boshlanishini anglatadi”, — deyiladi bayonotda.
Sandro Rtveladze Yevropaning yetakchi universitetlarining muhandislik, ijtimoiy fanlar va moliya bo‘yicha diplomlariga egalik qiladi. Shuningdek, u bank va fintex sohasida 15 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega.
Bungacha Rtveladze Rossiyadagi “OTP Bank” bosh direktori o‘rinbosari, O‘zbekistondagi “TBC Bank” bosh direktori lavozimlarida hamda Afrikaning bir qator davlatlarida chakana bank sohasida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Yangi bosh direktor mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun “Ipoteka-bank"da raqamli imkoniyatlarni yaxshilash va operatsiyalarni optimallashtirishga e’tibor qaratadi.
Bundan tashqari, kredit tashkilotining qayd etishicha, Rtveladzening tayinlanishi “bankning bozordagi mavqeini mustahkamlash hamda mijozlar va manfaatdor tomonlar uchun qiymat yaratish majburiyatini bildiradi”.
Iyun oyida “Spot” bank sohasidagi manbaga tayanib, Sandro Rtveladze “Ipoteka-bank” rahbari lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergandi. Lavozimga tasdiqlanish uchun Markaziy bank bilan kelishuv zarur edi.
2023-yilning iyun oyida Vengriyaning “OTP bank"i “Ipoteka-bank"ning 73,71% davlat ulushini sotib olish bo‘yicha bitimni tugatdi. Keyingi uch yil ichida “OTP Bank” “Ipoteka-bank"ning qolgan 25% aksiyalarini sotib olishni rejalashtirgan va bankdagi ulushini 98%ga yetkazgan. Bitim summasi $324 mlnni tashkil etdi.
Avvalroq “TBC Bank Uzbekistan” Shveysariyaning “BlueOrchard” investitsiya fondidan $25 mln jalb qilgani haqida xabar berilgandi.