Joriy yilning iyul oyida Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining “Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar” shioridan foydalanishi bo‘yicha ish qo‘zg‘atgandi.
Chakana savdo tarmog‘i qo‘mita qaroriga e’tiroz bildirmaslik va eng arzon narxlar strategiyasining nomini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. B haqda “Korzinka” matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Dasturning avvalgi nomi “Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar” deb nomlangan bo‘lib, u bozordagi narxlarning doimiy monitoringiga asoslangandi. Supermarketlar tarmog‘i mazkur narx strategiyasini qonunchilik talablariga muvofiq deb hisoblaydi. Biroq, shunga qaramay, tarmoq Raqobat qo‘mitasining tavsiyalarini qabul qildi.
“Korzinka” o‘z e’tiborini xaridorlarga eng yaxshi takliflarni taqdim etish va iste’mol tajribasini yaxshilashga yo‘naltirgan holda dasturni rivojlantirish va uning assortimentini kengaytiradi.
“Dasturning nomidan ko‘ra, u berayotgan natija muhimroqdir. Biz uning nomini „Kundalik xaridlar uchun yanada arzon narxlar“ deb o‘zgartiramiz, ammo dastur mohiyatini o‘zgartirmaymiz. „Korzinka“ bozordagi narxlarni kuzatish va kundalik zarur tovarlar savatiga eng hamyonbop narxlarni belgilash siyosatini davom ettiradi”, — dedi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i bosh direktori Rud Pedersen.
Shuningdek, u dastur katalogi kengaytirilganini, hozirda unda 300dan ortiq tovarlar mavjudligini qayd etdi. “Unda har bir toifada talab yuqori bo‘lgan brend mahsulotlari yanada ko‘paydi”, dedi u. Dastur O‘zbekistonning “Korzinka” mavjud bo‘lgan barcha 12 hududida ishlashda davom etadi.
“Eng arzon narx”
15-iyul kuni Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. “Eng arzon narx” deb nomlangan aksiya doirasida e’lon qilingan arzon mahsulotlar narxi boshqa supermarket va dehqon bozorlaridagilardan farq qilmasligi aniqlandi.
Undan keyin “Korzinka” bosh direktori Rud Pedersen qo‘mita rahbariyatiga bayonot berdi. U dastur kompaniyaning narxlar bo‘yicha yangi strategiyasi ekanligini, kundalik xaridlar uchun tovarlar savatiga arzon narxlarni shakllantirishga qaratilganini qayd etdi.
17-iyulga kelib, qo‘mita “Anglesey Food"ni aybdor deb topib, jarima undirish uchun sudga da’vo kiritilishini bildirdi. Supermarketlar tarmog‘i bir oy ichida “Reklama to‘g‘risida"gi qonun buzilishlarini bartaraf etishi kerak edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, “Korzinka” matbuot xizmati Maxsus komissiya qarori va ko‘rsatmalari kompaniyaga taqdim etilmaganini ma’lum qildi. Raqobat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmanov qaror ishni ko‘rib chiqish tugallangach, darhol e’lon qilinishini yozdi.
O‘z navbatida, “Korzinka” asoschisi Zafar Hoshimov “Kundalik xaridlar uchun eng past narx” dasturi haqida tushuntirish berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kompaniya tomonidan talabga ega bo‘lgan tovarlarni bozor narxidan past narxlarda sotish uchun ixtiyoriy ravishda qabul qilingan doimiy narx siyosatidir.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, dasturdagi ba’zi mahsulotlarning narxi boshqa sotuvchilarning takliflari bilan mos kelib qolishi mumkin. Shaffoflik uchun kompaniya o‘z saytida dasturga kiritilgan mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qiladi, shunda har kim narxlarni solishtirishi mumkin.
Avgust oyi o‘rtalarida chakana sotuvchi Raqobat qo‘mitasining izohlarini inobatga olgan holda dasturning ommaviy taklifi hamda aloqa materiallariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Shuningdek, supermarketlar tarmog‘i qoidabuzarlik uchun jarima to‘ladi. Qo‘mita ko‘rsatmalarni bajarish uchun “Korzinka"ga 16-oktabrgacha muddat bergandi.