Xitoyning “Boi Yi Da” kompaniyasi Namangan viloyatida misni qayta ishlash zavodini qurmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Xitoylik investorlar bilan takliflarni ko‘rib chiqdi. Xitoy kompaniyasi rahbari loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishini bildirdi.
Unga ko‘ra, birinchi bosqichda loyiha qiymati $40 mln atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Loyiha natijasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar to‘liq eksportga yo‘naltiriladi.
Uchrashuvda Shavkatjon Abdurazzoqov bu borada viloyatdagi imkoniyatlar haqida ma’lumot berib, loyihani amalga oshirish uchun sharoit yaratib berilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, hozirda xitoylik tadbirkorlar joylarga chiqib, zavod qurish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishmoqda.
Joriy yilning mart oyida Xitoyning “China Mining Energy Group” kompaniyasi Namangan viloyatida mis qazib olish va qayta ishlashga $200 mln sarmoya kiritishi ma’lum bo‘lgandi.
Avvalroq 2026-yildan birja savdolarida sotib olingan mis katodi va mis katankasini eksport qilishga cheklovlar bekor qilinishi xabar berilgandi.