Raqobat qo‘mitasi “Sello” ekotizimiga egalik qiluvchi “Marketplace Trading” kompaniyasiga jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita kompaniya tomonidan Toshkent shahridagi tashqi reklama obyektida e’lon qilingan reklama yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazdi. Unda “Sello Pay” ilovasi orqali pul o‘tkazmalarini komissiya to‘lovlarisiz amalga oshirish mumkinligi e’lon qilingan.
Kompaniyaning rasmiy veb-saytida “Sello Pay” ilovasi orqali plastik kartalarga pul o‘tkazmalari bo‘yicha aksiya joriy yilning 1-iyulidan boshlangani e’lon qilingan. Aksiya identifikatsiyadan o‘tgan barcha foydalanuvchilar uchun dastlabki uch oy davomida amal qilishi belgilangan.
Bunda, komissiyasiz oylik o‘tkazma summasining limiti 3 mln so‘mni tashkil etib, agar oylik o‘tkazma summasi bundan oshib ketsa, 1% miqdorida komissiya olinadi. Ammo, mobil ilova pul o‘tkazmalari reklamasida aksiya shartlari to‘g‘risida muhim ma’lumotlar berilmaganligi aniqlandi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16 (reklama talablari), 21 (aksiyalarni o‘tkazish) va 43-moddalari (reklama moliyaviy xizmatlar) va “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 7-moddasi talablari buzilishi yuzasidan “Marketplace Trading"ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, kompaniyaga nisbatan natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qo‘mita qonunbuzilish holatini bartaraf etish va unga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan Akfa universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi. Universitet yopilgan Tijorat huquqi ta’lim yo‘nalishi uchun oldin olingan 167,5 mln so‘m mablag‘ni talabalarga qaytarishi, boshqa talabalar bilan ham qayta hisob-kitobni amalga oshirishi kerak.