Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Telegram Stars” bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarning qonuniyligi haqida “Spot"ga izoh berdi.
O‘zbekistonda kripto-aktivlar savdosiga faqat milliy provayderlar orqali ruxsat etiladi, ularning noqonuniy aylanmasi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Joriy yilning iyun oyida “Telegram” ichki to‘lovlar uchun “Stars” raqamli valyutasini ishga tushirgandi. Yulduzlarni “App Store” va “Google Play” orqali ilovalar do‘konlarida, shuningdek, “PremiumBot"da ilova ichidagi xarid tizimi orqali sotib olish mumkin.
“Biroq, shuni ta’kidlash kerakki, “Telegram Stars” kripto-aktiv mezonlariga javob bermaydi, shu sabab ham ularni “Telegram"ning ichki elektron hisob birliklari ekanligiga ishonish tavsiya etiladi, ular kripto-aktivlarga aloqador emas”, — deya qayd etdi ILMA.
Agentlik, shuningdek, hozirda “yulduz"larni milliy yoki xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartasiga o‘tkazib olish imkoniyati mavjud emasligini ta’kidladi. Ishlab chiquvchilar va kanal asoschilari hisob birliklarini “Toncoin” kriptovalyutasiga aylantirishlari mumkin.
5-sentabr kuni O‘zbekistonda “Toncoin” kriptovalyutasining birja savdosi rasman yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy “UzNEX” kriptobirjasi tangani listingga chiqardi, uning qiymati 58−60 ming so‘m oralig‘ida o‘zgarib turadi.
Avvalroq “Telegram” reklamasiga rasm va videolarni qo‘shish mumkinligi haqida xabar berilgandi.