Soliq qo‘mitasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi konsultanti ish boshladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
XVJ mutaxassisi Georgiy Kandelaki soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchi etib tayinlandi.
Shuningdek, Kandelaki qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev bilan uchrashdi. Unda soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish masalalari va uni xalqaro tajriba asosida rivojlantirish tendensiyalari muhokama qilindi.
Georgiy Kandelaki komplaens-xavflarlarni boshqarish metodologiyalarini ishlab chiqish, soliq ma’muriyatchiligi tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega, shuningdek, u bulutli texnologiyalar bo‘yicha sertifikatlangan ekspert.
2007-yildan 2021-yilgacha Kandelaki Gruziya soliq xizmatida (Sakartvelo) ishlagan va tahliliy bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarilgan. Undan keyin 2024-yilning iyunigacha “EPAM"da “Big Data Engineering Solutions” menejeri lavozimida ishlagan.
2019-yildan XVJ maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan Modestas Kaseliauskas O‘zbekistondagi missiyasini joriy yilning may oyida yakunlagan.