“Telegram"ning pullik obunachilari soni 10 mlnga yetdi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.
Bundan tashqari, tadbirkor “Telegram"dagi ayrim eskirgan funksiyalar olib tashlanib, ularning o‘rniga yangi xususiyatlar kiritilayotganini qayd etdi.
Xususan, “Yaqin atrofdagi odamlar” (People Nearby) funksiyasi olib tashlandi. Bunga undan foydalanuvchilarning 0,1%dan kamrog‘i foydalangani, biroq botlar va firibgarlar bilan bog‘liq muammolarga uchragani sabab bo‘lgan.
“Uning o‘rniga biz qonuniy, tasdiqlangan korxonalarni namoyish etuvchi „Yaqin atrofdagi biznes“ (Businesses Nearby) funksiyasini ishga tushiramiz. Mazkur kompaniyalar mahsulot kataloglarini namoyish qilishlari va to‘lovlarni muammosiz qabul qilishlari mumkin bo‘ladi”, — dedi Durov.
Shuningdek, mustaqil blog yuritish vositasi bo‘lgan “Telegraph"ga yangi media-fayllarni yuklash o‘chirildi. Bu tizimning anonim shaxslar tomonidan suiiste’mol qilinishi holatlari bilan izohlanadi.
Durov foydalanuvchilarning 99,999%i jinoyatga aloqasi yo‘q bo‘lsa-da, 0,001% noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganlar butun platforma uchun yomon imij yaratishini va deyarli milliard foydalanuvchilar manfaatlarini xavf ostiga qo‘yishini ta’kidladi.
“Shuning uchun ham biz bu yil “Telegram"da moderatsiyani tanqid maydonidan maqtov maydoniga aylantirishga qaror qildik”, — dedi u.
24-avgust kuni Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi. Parij prokuraturasi unga nisbatan noqonuniy tranzaksiya uchun onlayn platforma yaratish, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish kabi ayblovlarni qo‘ydi.
“Telegram” jamoasi Durovning hibsga olinishiga izoh berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga amal qilishini hamda uning moderatsiyasi sanoat standartlariga javob berishini qayd etdi.
Avgust oyi oxirida Parij sudi tadbirkorni garov evaziga ozod etdi. Durov sud nazoratiga olinib, unga Fransiyani tark etish taqiqlandi. “Telegram” asoschisi, shuningdek, 5 mln yevro miqdorida garov puli to‘lashi va haftasiga ikki marta politsiyaga kelishi kerak.
6-sentabr kuni Durov birinchi marta hibsga olinishi bo‘yicha izoh berib, u boshqarayotgan platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblanishini xato yondashuv deya qayd etdi.
Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Spot"ga “Telegram Stars"ni kripto-aktiv emas, balki messenjerning ichki valyutasi deb hisoblashini ma’lum qilgandi.